O'zbekistonda ko'p qavatli uylarning birinchi qavatlarida joylashgan 46 mingdan ortiq kvartira noturar joy fondiga o'tkazmasdan savdo va xizmat ko'rsatish maqsadlarida foydalanish uchun taklif etilmoqda. Bu haqda qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov 9-sentabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o'tkazilgan yig'ilishdan so'ng ma'lum qildi.
"Bugungi kunda hisoblasak, 46 mingdan ortiq kvartira birinchi qavatlarda joylashgan. 200 mingdan ortiq kishi ish bilan ta'minlanadi va bu aholi daromadlariga sezilarli ta'sir ko'rsatadi", — dedi vazir "O'zbekiston 24" telekanaliga bergan intervyusida. Uning so'zlariga ko'ra, prezident ko'p qavatli uylarning birinchi qavatlaridagi kvartiralardan xonani noturar joy fondiga o'tkazmasdan kichik savdo va xizmat ko'rsatish obyektlari sifatida foydalanish imkonini beruvchi yangi tartib ishlab chiqishni topshirdi.
"Ya'ni, xonani noturar joyga o'tkazmasdan sartaroshxona, atele, go'zallik saloni va boshqa kichik xizmat ko'rsatish obyektlarini ochish mumkin bo'ladi. Buning uchun alohida kirish eshigini ochish va ichki xonalarni moslashtirishning o'zi kifoya qiladi", — dedi Sherzod Hidoyatov. Yig'ilishda qayd etilishicha, hozirda kvartirani noturar joy fondiga o'tkazish uchun bir qator tartib-taomillardan o'tish va ruxsatnomalar olish talab etiladi. Birinchi qavatlardagi kvartiralarda tadbirkorlik faoliyatini xonaning maqomini o'zgartirmasdan amalga oshirishga ruxsat beruvchi soddaroq tartibga o'tish taklif etilmoqda.
Faoliyatni xabardor qilish tartibida yo'lga qo'yish rejalashtirilmoqda. Mas'ul idoralarga bir oy ichida bunday kvartiralarda amalga oshirish mumkin bo'lgan faoliyat turlari ro'yxatini hamda xavfsizlik talablarini belgilash topshirildi. Vazirning so'zlariga ko'ra, hujjat loyihasi Urbanizatsiya qo'mitasi, sanitariya va boshqa tegishli idoralar bilan birgalikda tayyorlanib, bir oy ichida ko'rib chiqish uchun kiritiladi.
Eslatib o'tamiz, O'zbekistonda ko'p qavatli uylar atrofidagi bo'sh hududlarni aniqlash va o'zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarini tartibga solish rejalashtirilgan. Bu hududlarda bolalar va sport maydonchalari, shuningdek, yashil zonalar tashkil etish ko'zda tutilmoqda. Xususiy maktab va bog'chalar qurish uchun yer uchastkalari esa 1 mln so'm boshlang'ich narxda auksionga chiqarilishi mumkin.
Source: www.gazeta.uz