Namangan viloyati Davlatobod tumanida maktablar uchun isitish qozonlarini xarid qilish jarayonida mansabdor shaxslar qozon markasini almashtirib, budjetdan 1 milliard so‘mni o‘zlashtirganlikda gumon qilinmoqda. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Namangan viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv natijalariga ko‘ra ma’lum bo‘ldi.
Tergovgacha bo‘lgan tekshiruv davomida aniqlanishicha, Davlatobod tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mansabdor shaxslari boshqa fuqarolar bilan til biriktirib, mahalliy ta’lim muassasalari uchun isitish qozonlarini yetkazib berish shartnomasini bajarish chog‘ida qonunga xilof harakatlar sodir etgan.
Shartnoma shartlariga ko‘ra, ABS markali qozonlar xarid qilinishi kerak edi. Biroq, amalda LES markali mahsulotlar sotib olingan. Tekshiruv natijalari shuni ko‘rsatdiki, ushbu harakatlar oqibatida budjetdan 1 milliard so‘m mablag‘ talon-taroj qilingan yoki o‘zlashtirilgan.
Ushbu holat yuzasidan o‘zlashtirish yoki talon-taroj qilish yo‘li bilan o‘g‘irlik moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Avvalroq O‘zbekistonda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 587,2 million so‘m boshlang‘ich qiymatga ega tendori bekor qilingan edi. Qonunbuzarliklarni Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi aniqlagan.
Source: podrobno.uz