«O‘zbekneftgaz» kompaniyasida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlikning 30 kunlik bosqichi boshlandi. Boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda gaz qazib olish, quduqlarning texnik ahvoli va iste’molchilarga barqaror yetkazib berishni ta’minlash chora-tadbirlari muhokama qilindi. Kompaniya matbuot xizmatining xabar berishicha, yil boshidan buyon gaz qazib olish barqarorligini saqlab qolish bo‘yicha katta hajmdagi ishlar amalga oshirilgan bo‘lsa-da, zarur rezervlar va moliyalashtirish mavjudligiga qaramay, bir qator yo‘nalishlar bo‘yicha ko‘rsatkichlar kutilganidan pastligicha qolmoqda.
Yig‘ilishda Sanginov mutaxassislar e’tiborini bevosita konlar va quduqlardagi amaliy ishlarga, shuningdek, aniq natijalar uchun mas’uliyatni oshirishga qaratishni topshirdi. «Qayerda xato qilyapmiz? Natijaga erishish uchun yana qanday chora-tadbirlar qilishimiz kerak? Qish tobora yaqinlashmoqda, xalqimizga esa gaz kerak», — dedi u. Kompaniya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, endilikda faqat yuqori darajadagi qarorlar qabul qilishning o‘zi yetarli emas: «Har bir topshiriq konga, har bir quduqqa yetib borishi va natijasi o‘lchanishi kerak».
Yig‘ilishda Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi tajribasi alohida ta’kidlandi. Bu yerda har bir quduq bo‘yicha gaz qazib olishga mas’ul xodimlar faoliyatini KPI (samaradorlikning asosiy ko‘rsatkichlari) bo‘yicha baholash boshlangan. Ushbu yondashuvni kompaniyaning barcha qazib oluvchi boshqarmalarida tajriba-sinov tariqasida joriy etish topshirildi. Shu bilan birga, bazaviy qazib olish hajmini saqlab qoluvchi va uning kamayishiga yo‘l qo‘ymaydigan boshqarmalarni har oyda rag‘batlantirish rejalashtirilmoqda. Maqsad — amaldagi quduqlar samaradorligini oshirish va qazib olish pasayishini to‘xtatish.
Kompaniyada qish ostonasida «har bir kubometr gaz muhim» ekani ta’kidlandi. Shu munosabat bilan chuqur quduqlarni o‘zlashtirish, amaldagi fond bilan ishlash, xorijiy hamkorlar bilan birgalikda yangi konstruksiyalar bo‘yicha burg‘ilash va yangi quduqlarni ulashni jadallashtirish topshirildi. Bundan tashqari, chegaraoldi hududidagi quduqlardan gazni sanoat miqyosida qazib olishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, qazib chiqarish boshqarmalari, loyiha institutlari, geologlar, dispetcherlik xizmatlari va xorijiy hamkorlar ishtirokida ishchi guruhlar tashkil etiladi. Ular joylarga chiqib, quduqlar debitining pasayishini tahlil qilishi hamda foydalanish topshiriqlarining bajarilishini nazorat qilishi kerak. 16-sentabrdan boshlab bu kabi tekshiruvlarni kompaniya raisi o‘rinbosarlari rahbarligida boshlash topshirildi.
Yig‘ilishda «Gissarneftgaz» qo‘shma korxonasida ko‘rilgan chora-tadbirlar natijalari ham ko‘rib chiqildi. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, o‘zgarishlar natijasida neft va gaz kondensati qazib olish ikki baravarga oshgan. Shu bilan birga, yanvar−avgust oylarida qazib olish rejasining bajarilishi bor-yo‘g‘i 61 foizni tashkil etdi. Ushbu ko‘rsatkich tanqidga uchradi. Yil oxirigacha reja bajarilishini kamida 90 foizga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Bundan tashqari, sentabr oyining ikkinchi yarmiga mo‘ljallangan yangi quduqlarni foydalanishga topshirish, amaldagi quduqlarning barqaror debitini saqlab qolish, qazib olish quvvatlaridan to‘liqroq foydalanish va avariyaviy to‘xtashlarni bartaraf etish topshirildi. Alohida ravishda kichik kompressor stansiyalarini yetkazib berishni nazorat qilish, ular uchun maydonchalarni oldindan tayyorlash va qulay ob-havo sharoitidan foydalangan holda M-25 konida yer ishlarini jadallashtirish topshirildi.
Eslatib o‘tamiz, yanvar−iyul oylarida O‘zbekistonda tabiiy gaz qazib olish o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 15 foizga — 21,6 milliard kubometrgacha yoki 3,8 milliard kubometrga kamaydi. Shu bilan birga, iyul oyida gaz ishlab chiqarish iyun oyidagi pasayishdan keyin qayta tiklandi: qazib olish bir oyda 32 foizga oshib, 3,3 milliard kubometrni tashkil etdi. Biroq o‘tgan yilning iyul oyiga nisbatan ko‘rsatkich hali ham 7,9 foizga past bo‘lib qolmoqda. Qish mavsumi yaqinlashayotgan bir paytda gaz qazib olish hajmining qisqarishi va reja ko‘rsatkichlarining pastligi aholini barqaror gaz ta’minoti bilan bog‘liq jiddiy xavotirlarni keltirib chiqarmoqda.
Source: www.gazeta.uz