Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ko‘magida yo‘lga qo‘yilgan Bukhara Night Race 2026 xalqaro yugurish musobaqasi Jahon yengil atletika assotsiatsiyasi (World Athletics) tomonidan ishlab chiqilgan Athletics for a Better World (ABW) — yengil atletika musobaqalarining barqarorligini baholash tizimi doirasida Recognized Event (tan olingan darajadagi musobaqa) maqomini oldi. Ushbu tizim tadbirning atrof-muhit, mahalliy iqtisodiyot va jamiyatga ko‘rsatadigan ta’sirini hisobga oladi.

Recognized Event — bu World Athletics tomonidan beriladigan rasmiy tan olish darajasi bo‘lib, musobaqa tashkilotchilari ABW standarti bilan belgilangan barqaror rivojlanish sohasidagi talablarga javob berishini tasdiqlaydi. Maqom tadbirni oltita asosiy yo‘nalish (“Barqaror rivojlanish sohasidagi yetakchilik”, “Barqaror ishlab chiqarish va iste’mol”, “Iqlim o‘zgarishi va uglerod chiqindilari”, “Atrof-muhit va havo sifati”, “Global tenglik”, “Xilma-xillik, ochiqlik va farovonlik”) bo‘yicha 120 ta parametr asosida kompleks baholash natijalariga ko‘ra beriladi. Bu yig‘ilgan chiqindilar, sarflangan elektr energiyasi va suv hajmi, shuningdek, jihozlar, ishtirokchilar hamda tashkilotchilar jamoasini tashish uchun foydalanilgan transport vositalaridan ajralib chiqqan karbonat angidrid gazi miqdori kabi ko‘rsatkichlar bo‘lishi mumkin.

ABW tizimi bir nechta tan olish darajalarini nazarda tutadi: Recognized Event, Bronze, Silver, Gold va Platinum. Shu tariqa, Recognized Event maqomi ushbu tizim doirasida World Athletics tomonidan beriladigan birinchi rasmiy tan olish darajasi bo‘lib, musobaqaning ABW standartining bazoviy talablariga muvofiqligini tasdiqlaydi. 2024-yilda yengil atletika musobaqalarini ekologik sertifikatlash yo‘lga qo‘yilganidan beri 130 ta tadbir World Athletics baholashidan o‘tdi. Ulardan 84 tasi Recognized Event maqomini, 16 tasi Bronze Label, 16 tasi Silver Label, 9 tasi Gold Label va 5 tasi Platinum Label maqomini oldi. Bukhara Night Race 2026’dan tashqari barcha yugurish musobaqalari professional sportchilar ishtirokiga mo‘ljallangan yoki World Athletics Label maqomini olishga da’vogarlik qiluvchi tadbirlar bo‘lgan. Bukhara Night Race 2026 ushbu ro‘yxatga kiritilgan Markaziy Osiyo va MDHdagi yagona musobaqa bo‘ldi.

Tizim progressni kuzatish, yuqori natijalarni qayd etish va ilg‘or tajribalarni namoyish etish imkonini beradi. World Athletics maqomiga ega tadbirlar federatsiyaga o‘z natijalari bo‘yicha hisobot taqdim etishlari shart. Shunday qilib, Bukhara Night Race tashkilotchilari tadbirni o‘tkazishdan hosil bo‘lgan taxminiy uglerod izi, chiqindilar hajmi va boshqa ko‘rsatkichlarni qayd etdilar. Musobaqa doirasida yugurish tadbiri uchun zarur bo‘lgan jihozlarni tashishga jalb qilingan transport vositalari soni (har birining yuk ko‘tarish quvvati 10 tonna bo‘lgan beshta fura), ular tomonidan sarflangan yonilg‘i hajmi (1600 kub m metan), shuningdek, musobaqa doirasidagi taxminiy elektr energiyasi sarfi (800 kVt) hisoblab chiqildi.

Musobaqa doirasidagi barcha chiqindilar saralandi. Ularning umumiy vazni 980 kg ni tashkil etdi. Chiqindilarning asosiy qismi (87,1 foiz) oziq-ovqat va boshqa chiqindilarga to‘g‘ri keldi. Barcha turdagi plastik chiqindilarining ulushi esa 10,1 foizni tashkil qildi. Musobaqa “Birgalikda tozaroq” tamoyili asosida o‘tkaziladi, shu sababli yugurish plogging — chiqindi yig‘ish masofasi bilan birgalikda tashkil etiladi. Bukhara Night Race 2026 plogging ishtirokchilari plastik shisha qopqoqlarini yig‘dilar. Yig‘ilgan qopqoqlarning umumiy vazni 16,2 kg ni tashkil etdi. Keyingi Zaamin Ultra 2026 va Sky Camp Bo’stonliq 2026 yugurish musobaqalarida Buxorodagi plogging masofasi ishtirokchilari Buxoroda o‘zlari yig‘gan qopqoqlardan quyilgan eksklyuziv medallarni oldi.

Menedjerlar va volontyorlar jamoasi ko‘p marta ishlatiladigan idishlardan foydalanishga harakat qilishdi. Fudkortlarda plastik miqdorini kamaytirish uchun 5 va 20 litrlik suv idishlaridan foydalanildi. Toshkentda start to‘plamlarini tarqatish chog‘ida sport svopi — kiyishga yaroqli bo‘lgan sport kiyimlarini almashish tadbiri o‘tkazildi. Svopdan so‘ng tashkilotchilarda 18 kg kiyim va poyabzal, jumladan, velosiped va yugurish sport formalari hamda sport uslubidagi liboslar qoldi. Veloforma Buxorodagi o‘smir sportchilar murabbiyga, yugurish kiyimlari shahar Yoshlar markaziga, “shaharcha” liboslar esa Buxorodagi boshpanasiz va og‘ir vaziyatga tushib qolgan insonlarga yordam ko‘rsatuvchi ijtimoiy markazga yuborildi.

Bukhara Night Race tashkilotchilari hisobotda aks etgan ushbu va boshqa raqamlarni yutuqdan ko‘ra ko‘proq O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan mamlakatning turli hududlarida o‘tkaziladigan beshta musobaqadan iborat Samarkand Marathon Series doirasidagi keyingi yugurish tadbirlari dinamikasini kuzatish uchun boshlang‘ich nuqta sifatida baholamoqdalar. Jamoa allaqachon Zaamin Ultra yakunlari bo‘yicha hisobotni topshirdi va Sky Camp Bo’stonliq o‘tkazilishi bo‘yicha tahlilni tayyorlamoqda. Monitoring har bir keyingi musobaqani yanada yaxshilash imkonini beradi.

Source: www.gazeta.uz