Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janubiy Koreyaga davlat tashrifi doirasida ushbu mamlakatda mehnat qilayotgan va tahsil olayotgan vatandoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, norasmiy muhitda o‘tgan samimiy suhbatda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va ularni hayotga faol tatbiq etishda vatandoshlar qo‘shayotgan hissa muhokama qilindi.

Uchrashuv ishtirokchilari O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida iqtisodiyot, ilm-fan va ta’lim sohalaridagi aloqalarni kengaytirishga qaratilgan qator ilg‘or takliflarni ilgari surdi. Xususan, milliy iqtisodiyotning muhim tarmoqlari va davlat boshqaruviga sun’iy intellekt hamda Koreyaning raqamli texnologiyalarini integratsiya qilish, tibbiyot, transport, bojxona va turizm sohalarida innovatsion yechimlarni ilgari surish masalalariga e’tibor qaratildi.

Shuningdek, milliy to‘lov tizimlari va pul o‘tkazmalari platformalarini jadal rivojlantirish, axborot texnologiyalari sohasi uchun mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha takliflar muhokama qilindi. Madaniy-gumanitar hamkorlikni chuqurlashtirish yuzasidan ham aniq tashabbuslar bildirildi. Jumladan, Koreyada O‘zbekiston madaniy markazlari tarmog‘ini kengaytirish, o‘zbek tilini o‘rganish dasturlarini rivojlantirish, ikki mamlakat hududida turli madaniy tadbirlar o‘tkazish hamda o‘zbek mumtoz adabiyoti namunalarini koreys tiliga tarjima qilish masalalariga e’tibor qaratildi.

Davlat rahbari mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga qo‘shayotgan salmoqli hissasi uchun vatandoshlarga minnatdorlik bildirdi. Shavkat Mirziyoyev ularning har bir tashabbusi batafsil o‘rganilishini, eng muhim loyihalar har tomonlama amaliy qo‘llab-quvvatlanishini ta’kidladi. Prezident uchrashuvda ishtirok etgan professorlar, tadbirkorlar, faollar va talabalarga o‘qish va kasbiy faoliyatida muvaffaqiyat tiladi.

Davlat rahbari O‘zbekiston vatandoshlar bilan muloqotga doimo ochiq ekanini, ularning bunyodkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga tayyorligini qayd etdi. Uchrashuv ishtirokchilari esa yoshlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va ularning orzu-niyatlarini ro‘yobga chiqarish uchun yaratilayotgan yangi imkoniyatlar uchun Prezidentga minnatdorlik bildirdi. Ular o‘z bilim va g‘ayratini O‘zbekiston farovonligi va ravnaqi yo‘lida safarbar etishga tayyor ekanini aytdi.

Source: www.gazeta.uz