Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

2027-yil 1-yanvardan O‘zbekistonda 55 yoshdan oshgan ayollar va 60 yoshdan oshgan erkaklar uchun o‘rtacha ish haqi saqlangan holda qisqartirilgan ish vaqti joriy etish taklif etilmoqda. Bu chora pensiya tizimini isloh qilishga qaratilgan prezident farmoni loyihasida nazarda tutilgan. Hujjatga ko‘ra, ushbu toifadagi xodimlar uchun ish vaqti qisqartiriladi, ammo ish haqi to‘liq saqlanadi.

Loyihada, shuningdek, o‘zini o‘zi band qilganlar uchun o‘zgarishlar va ijtimoiy soliq bo‘yicha imtiyozlarni bekor qilish ham ko‘zda tutilgan. Xususan, 2027-yildan o‘zini o‘zi band qilganlar uchun ijtimoiy soliqni qat’iy belgilangan tartibda to‘lash tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bunda ularga soliqni yil davomida bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi. O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar tomonidan to‘langan ijtimoiy soliqning 10 foizi Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasiga yo‘naltiriladi. Ushbu mablag‘lar hisobidan ularga homiladorlik va tug‘ish nafaqalari, shuningdek, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalari to‘lanishi mumkin.

Joriy yil iyul oyi holatiga ko‘ra, mamlakatda 2,8 mln nafar o‘zini o‘zi band qilgan shaxs ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ularning qariyb 800 ming nafari yoki 30 foizi pensiya badallarini ixtiyoriy ravishda to‘lagan. Bugun o‘zini o‘zi band qilgan shaxs pensiya tayinlash uchun bir yillik ish stajiga ega bo‘lish maqsadida bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari — 440 ming so‘m to‘lashi mumkin. Endi bu to‘lovlar majburiy bo‘ladi.

Loyihada korxona va tashkilotlarga ijtimoiy soliq bo‘yicha yangi imtiyozlar berilmasligi ham taklif etilmoqda. Mavjud imtiyozlarni 2030-yil 1-yanvardan bekor qilish rejalashtirilmoqda. Hozirda ish beruvchilar uchun standart stavka 12 foizni tashkil etadi, biroq ayrim korxonalar uchun pasaytirilgan stavkalar yoki soliqdan ozod qilish imtiyozlari amal qiladi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi qayd etganidek, 2025-yil yakunlariga ko‘ra, 65 mingdan ortiq korxona 3,2 trln so‘mlik ijtimoiy soliq imtiyozlaridan foydalangan. Ulardan ayrimlari soliqdan to‘liq ozod qilingan, boshqalari esa uni 1 foizlik stavka bo‘yicha to‘lagan.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2026-yil 1-dekabrga qadar davlat va jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti to‘g‘risidagi qonunlarga, shuningdek, Soliq kodeksiga o‘zgartirishlarni tayyorlashi kerak. Shuningdek, “Pensiya” mobil ilovasini yaratish nazarda tutilgan. U orqali fuqarolar pensiyaga oid davlat xizmatlaridan onlayn foydalanishi, ish staji va daromadlarini tekshirishi, kelajakdagi pensiya miqdorini hisoblashi va pensiya jamg‘armalarini boshqarishi mumkin bo‘ladi. Ilovani 2027-yil aprel oyida ishga tushirish rejalashtirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, ushbu loyiha bilan 2028-yildan pensiya yoshini har yili 3 oyga oshirish taklif etilmoqda. 2039-yilga kelib, u erkaklar uchun 63, ayollar uchun 58 yoshga yetkaziladi. Shuningdek, pensiya tayinlash uchun eng kam ish staji 2034-yilda 15 yilgacha oshirilishi ko‘zda tutilgan. 2027-yildan O‘zbekistonda pensiya tayinlashda hisobga olinadigan ish haqi davri bosqichma-bosqich 20 yilgacha oshiriladi. Bunda eng past daromadli davrning 10 foizi hisob-kitobdan chiqarib tashlanadi. Shu bilan birga, davlat ixtiyoriy pensiya jamg‘armalariga qo‘shimcha mablag‘ ajrata boshlaydi.

Source: www.gazeta.uz