Janubiy Koreyaning Inchxon xalqaro aeroportini boshqaruvchi davlat kompaniyasi — Incheon International Airport Corporation (IIAC) Toshkentda o'z ofisini ochishni rejalashtirmoqda. Uning negizida aeroportlarni boshqarish, raqamlashtirish va kadrlar tayyorlash bo'yicha kompetensiyalar markazini tashkil etish kutilmoqda. Bu qadam O'zbekiston aviatsiya infratuzilmasini xalqaro standartlarga yaqinlashtirishga qaratilgan.
Bu masala seshanba kuni Seulda prezident Shavkat Mirziyoyevning IIAC prezidenti vazifasini bajaruvchi Kim Bom Xo bilan uchrashuvida muhokama qilindi. Uchrashuv O'zbekiston rahbarining Janubiy Koreyaga davlat tashrifi doirasida bo'lib o'tdi. Koreya tomoni O'zbekiston bilan uzoq muddatli hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyorligini bildirdi.
Ayni paytda IIAC Urganch xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish hamda Toshkentning yangi xalqaro aeroportini qurish loyihalarida ishtirok etmoqda. Bu loyihalar O'zbekistonning transport salohiyatini oshirish va mintaqaviy tranzit markaziga aylanish strategiyasining muhim qismidir.
Shavkat Mirziyoyevning Koreyaning xorijiy infratuzilma va shaharsozlikni qo'llab-quvvatlash korporatsiyasi (Korea Overseas Infrastructure & Urban Development Corporation — KIND) bosh ijrochi direktori Kim Bok Xvan bilan uchrashuvida O'zbekistonning transport va ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirish bo'yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Xususan, Toshkentning yangi xalqaro aeroporti atrofidagi hududni rivojlantirish bo'yicha master-reja tayyorlanmoqda. U aeroport, logistika xablari va shahar turar joy infratuzilmasini yagona tizimga birlashtirishni nazarda tutadi.
Shuningdek, tomonlar ilm-fan, sanoat va zamonaviy texnologiyalarni yagona ekotizimda birlashtiradigan ilmiy-sanoat bioklasterini tashkil etish loyihasini tayyorlamoqda. Bu O'zbekiston iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish va innovatsion rivojlanishga qo'shgan hissasi bilan ahamiyatlidir.
Source: www.gazeta.uz