Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janubiy Koreyaga tashrifi chog‘ida u yerda mehnat qilayotgan va tahsil olayotgan vatandoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda davlat rahbari vatandoshlar uchun yangi uch yillik dastur joriy etilishini ma’lum qildi. Bu dastur, avvalo, yoshlarni kasbga o‘qitish, ular uchun yangi imkoniyatlar ochish va Koreya tajribasini samarali o‘zlashtirishga qaratilgan.

Prezident Koreya O‘zbekiston uchun muhim hamkor ekanini ta’kidlab, ikki mamlakat o‘rtasida ta’lim va kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish zarurligini qayd etdi. “Koreya bilan bolalarimizni olib kelib ishlatish, bolalarimizni o‘qitishimiz bo‘yicha yangi uch yillik dastur qilamiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu dastur yoshlarga kasb o‘rgatish, ularning bandligini ta’minlash va Koreya tajribasini o‘zlashtirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, prezident oliy ta’lim muassasalarida kasbga yo‘naltirishni kuchaytirish bo‘yicha topshiriq berilayotganini ma’lum qildi. U respublikadagi oliygoh rektorlariga talabalarni darsdan keyin kasbga o‘rgatish vazifasini yukladi. “Soat uchgacha o‘zing darsingni berasan, uchdan keyin bolalarimni kasbga o‘rgatasan, deyapman. Kasbi bo‘lgan odam hech qachon xor bo‘lmaydi”, — dedi u.

Koreyada tahsil olayotgan va hozirgi o‘qishidan to‘liq qoniqmayotgan yoshlar uchun ham yangi imkoniyat yaratiladi. Bir oy ichida prezident huzuridagi “El-yurt umidi” jamg‘armasi vakillari Koreyaga borib, vatandoshlar bilan uchrashadi. Munosib nomzodlarga Koreyaning eng yaxshi oliygohlarida 6 oy davomida yangi kasb bo‘yicha o‘qish uchun Prezident stipendiyasi ajratiladi va ta’lim xarajatlari to‘liq qoplanadi. “Olti oyga eng zo‘r Koreya oliygohiga stipendiyasini ham, o‘qishini ham to‘lab, yangi kasbga o‘qitishga Koreya tajribasi qilmoqchiman”, — dedi Shavkat Mirziyoyev. Ushbu tajriba keyinchalik boshqa davlatlarda ham qo‘llanishi rejalashtirilgan.

Uchrashuvda yoshlarning yutuqlari va milliy g‘urur masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Prezident buyuk ajdodlarning ilmiy kashfiyotlari bilan faxrlanish muhimligini qayd etar ekan, zamonaviy O‘zbekiston yoshlarining sport, shaxmat, fan va boshqa sohalardagi yutuqlari mamlakatning yangi qiyofasini namoyon etishi kerakligini ta’kidladi. U shaxmat bo‘yicha Javohir Sindarov va futboldagi yoshlarning muvaffaqiyatlarini misol qilib keltirdi. “Yangi O‘zbekistonning kashfiyotini, Javohir Sindarovga o‘xshagan bolalarim, mana futbol bo‘yicha bolalarim, mana shaxmat bo‘yicha boshlanyapti, yoshlarimizni dunyoga tanitish uchun harakat qilamiz”, — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev Koreyada mehnat qilayotgan va tahsil olayotgan vatandoshlarga mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga qo‘shayotgan hissasi uchun minnatdorlik bildirdi. “Sizlar boshqalarga nisbatan o‘zlaringizni madaniyatlaringiz bilan, bilimlaringiz bilan, intilishlaringiz bilan o‘rnak bo‘lib yurgan farzandlarimsizlar”, — dedi davlat rahbari. Uchrashuv yakunida prezident vatandoshlarning takliflari o‘rganilishi va ular asosida tegishli qarorlar qabul qilinishini bildirdi.

Source: www.gazeta.uz