Toshkent shahridagi Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internatida 5-sentabr kuni fojiali voqea yuz berdi. 16 yoshli o‘quvchi yotoqxonaning to‘rtinchi qavatidagi derazadan yiqilib, og‘ir jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Bosh prokuratura matbuot xizmatining UzNews.uz nashriga ma’lum qilishicha, voqea aynan mazkur ta’lim muassasasi hududida, yotoqxonaning yuqori qavatidagi derazadan yiqilish oqibatida sodir bo‘lgan. O‘quvchi zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatish uchun kasalxonaga yetkazilgan.
Afsuski, shifokorlarning barcha sa’y-harakatlariga qaramay, o‘n kun davomida davolangan o‘smir 15-sentabr kuni shifoxonada hayotdan ko‘z yumgan. Bu haqda Bosh prokuratura rasmiy ma’lumot berdi.
Hozirda Olmazor tuman prokuraturasi tomonidan ushbu fojia yuzasidan surishtiruv tekshiruvi olib borilmoqda. Voqeaning sabablari va sharoitlari aniqlanmoqda, barcha holatlar har tomonlama o‘rganilmoqda.
Maktab-internat ma’muriyati va tegishli idoralar hozircha qo‘shimcha izoh bermadi. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, voqeaga oid huquqiy baho beriladi.
Source: uznews.uz