Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida piyodalar, xususan, kichik yoshli bolalar bo‘lgan turar joy hovlisida “Damas” avtomobilini xavfli tarzda boshqargan haydovchiga nisbatan ma’muriy chora ko‘rildi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar berdi.

Haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan 21 yoshli yigit shaharning Cho‘lquvar mahallasidagi ko‘p qavatli binolar oralab yuqori tezlikda harakatlangan. U shu yerda profilaktika inspektori va fuqarolarning to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmagan. Yigit o‘sha vaqtda stressda bo‘lganini aytib, kechirim so‘ragan.

Shundan so‘ng yigitga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning qator moddalari bilan bayonnoma rasmiylashtirilgan. Avtomashina vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga joylashtirilgan.

“Xalqdan va hammadan kechirim so‘rayman. Qilgan ishim xato ekanini tushunib yetdim. Hech kimga tavsiya ham bermayman. Boshqarish huquqiga ega bo‘lganimdan keyin, keyin boshqarishni tavsiya qilaman. Bir marta adashib yoshlik qildim”, — dedi u.

Sud hukmi bilan yigit Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning bir necha moddalari bo‘yicha aybli topildi. Shu tariqa unga uzil-kesil 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Source: www.gazeta.uz