Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent shahar transport boshqarmasi matbuot xizmatining xabar berishicha, 15-sentabr kuni poytaxt avtobuslarida kunlik yo‘lovchilar soni bo‘yicha rekord qayd etildi. Bir kunda jamoat transportidan 1 520 113 nafar fuqaro foydalandi.

Bu ko‘rsatkich avvalgi kunlarga nisbatan sezilarli o‘sishni ko‘rsatadi va shahar avtobus tizimi tarixidagi eng yuqori natija sifatida qayd etildi. Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, bunday yuqori oqim avtobuslarning qulayligi va aholining jamoat transportiga bo‘lgan ishonchi ortganidan dalolat beradi.

Eslatib o‘tamiz, bir kun avval, 14-sentabr kuni Toshkent metropolitenida ham rekord o‘rnatilgan edi: yer osti transportidan 1 165 550 nafar yo‘lovchi foydalangan. Bu ikki rekord ketma-ket ikki kunda qayd etilishi poytaxtda jamoat transportiga talab keskin oshganini ko‘rsatadi.

Boshqarma vakillari ushbu tendentsiyani ijobiy baholab, “Jamoat transportini tanlash — bu poytaxt yo‘llarini yukdan xalos qilish, toza ekologiyani saqlash va vaqtni tejashga qo‘shilgan hissadir”, — deya ta’kidladilar.

Mutaxassislarning fikricha, yo‘lovchilar sonining ortishi shahar infratuzilmasiga bosimni kuchaytiradi, biroq ayni paytda avtotransport vositalaridan voz kechish orqali tirbandlik va havo ifloslanishini kamaytirish imkonini beradi. Toshkent hokimiyati kelgusida avtobus parkini kengaytirish va qatnovlar sonini oshirish orqali ushbu oqimni boshqarishni rejalashtirmoqda.

Source: uznews.uz