Avgust oyi oxirida iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish to‘g‘risida prezident farmoni imzolanib, O‘zbekistonda xususiylashtiriladigan yirik davlat aktivlarining yangi ro‘yxati tasdiqlandi. Unga ko‘ra, bir qancha moliyaviy muassasalar, sanoat, transport va savdo korxonalaridagi ulushlar sotiladi. Hujjat bilan davlat aktivlari va yer uchastkalarini sotish, auksionga chiqarishning shartlari ham yangilanadi.
Ayni vaziyat fonida Gazeta iqtisodchi Otabek Bakirov bilan mulkchilik shakllari va xususiylashtirish siyosati muhokama qilingan suhbatini taqdim etadi. Unda O‘zbekistonda yagona mulkchilikdan qachon voz kechila boshlangani, o‘zi aslida davlat mulki tadbirkor, investorlarga sotilishining mohiyati, bu jarayon idealda qanday kechishi kerakligi hamda oddiy xalq uchun uning ahamiyati haqida so‘z boradi.
Suhbatda Otabek Bakirov davlat mulki nega xususiylashtirilishi haqida gapirar ekan, bozor iqtisodiyoti sharoitida mulk ko‘p ukladli bo‘lishi kerakligini ta’kidlaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sovet ittifoqi davrida davlat mulki monopol bo‘lgan, boshqa mulkchilik shakllari esa mafkuraga yot hisoblangan. 1980-yillar oxirida tuzumlar inqirozga uchragach, mulkchilik shakli o‘zgarishni boshlagan. Avval Sharqiy Yevropada, keyin sovet ittifoqida xususiylashtirish masalasi kun tartibiga chiqqan. O‘zbekistonda ham 1988−1989-yillarda “Kooperativlar to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinishi bilan turli mulkchilik shakllari tan olin boshlangan.
Xususiylashtirishning maqsadi haqida gapirar ekan, Bakirov bu jarayon faqat davlat aktivlaridan qutulish yoki budjetga pul jalb qilish emasligini, balki raqobat muhitini yaratish va iqtisodiy samaradorlikni oshirish ekanligini aytadi. U Buyuk Britaniya misolida Margaret Tetcher davridagi keng ko‘lamli xususiylashtirishni keltirib, davlat mulkining iqtisodiyotdagi roli siyosiy o‘zgarishlarga bog‘liqligini ta’kidlaydi. Shuningdek, ba’zi mamlakatlarda sotsialistlar hokimiyatga kelganda davlat nazoratini kuchaytirishga harakat qilishini eslatadi.
Iqtisodchi xususiylashtirish har doim ham samaradorlikni kafolatlashini inkor etadi. U 1990-yillardagi Rossiya misolida shubhali garov auksionlari orqali aktivlar oligarxlar qo‘liga o‘tganini, buning sababi siyosiy maqsadlar bo‘lganini aytadi. Samarali tizim faqat xususiylashtirishdan keyin raqobat muhiti ta’minlansa yuzaga keladi. Shuning uchun jarayon ochiq, shaffof va jamiyat nazoratida bo‘lishi kerak.
Ideal xususiylashtirish haqida gapirar ekan, Bakirov avval kvartiralar, keyin kichik obyektlar, so‘ng yirik korxonalar xususiylashtirilganini eslatadi. U O‘zbekistonda ham vaucherlar, pay fondlari orqali urinishlar bo‘lganini, ammo keng aholi qatlami bu jarayonda faol ishtirok eta olmaganini qayd etadi. Uning fikricha, yirik kompaniyalar xususiylashtirilganda xalq ishtiroki ta’minlanishi kerak, masalan, UzNIF tajribasidagi kabi imtiyozli aksiyalar taklif etilishi mumkin.
Aktivlarning haqiqiy qiymatini aniqlashda eng yaxshi vosita — bozor ekanligini ta’kidlaydi Bakirov. Ochiq fond birjasida aylanayotgan aksiyalar narxi orqali kompaniya qiymatini bilsa bo‘ladi. Ammo to‘liq davlat nazoratidagi kompaniyalar uchun professional baholovchilar jalb qilinadi. Ular aktivning bozordagi o‘rni, sifati, istiqboli kabi omillarni hisobga oladi.
Suhbat davomida xususiylashtirish jarayonida davlat mulki suvtekin ketib qolmasligi uchun nima qilish kerakligi haqida ham so‘raladi. Bakirov bu risk har doim mavjudligini, ammo ochiqlik va nazorat orqali kamaytirish mumkinligini aytadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, xususiylashtirish murakkab jarayon bo‘lib, u uzoq muddatli strategiya va kuchli institutlarni talab qiladi.
Source: www.gazeta.uz