Samarqandda 15-sentabr kuni kechqurun Jahon shaxmat olimpiadasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbir “Boqiy shahar” majmuasidagi amfiteatrda o‘tkazilib, unda teatrlashtirilgan va musiqiy chiqishlar, milliy madaniyat namunalari, 3D-videomepping, dronlar shousi hamda mushakbozlik namoyish etildi.
Rasmiy qismni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov ochib berdi. U prezident Shavkat Mirziyoyevning musobaqa ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi. Shuningdek, mehmonlar oldida Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) prezidenti vazifasini bajaruvchi, besh karra jahon chempioni Vishvanatan Anand ham nutq so‘zladi.
Marosim davomida shaxmat donalari rangini aniqlash uchun qur’a tashlash jarayoni ham o‘tkazildi. Unda FIDE sobiq jahon chempioni, o‘zbekistonlik grossmeyster Rustam Qosimjonov hamda ayollar o‘rtasida to‘qqizinchi jahon chempioni Chju Chen ishtirok etdi.
Olimpiadaning birinchi turi 16-sentabr kuni start oldi. Musobaqalar 27-sentabrga qadar davom etadi va ochiq hamda ayollar seksiyalarida 11 turdan iborat bo‘ladi.
Gazeta muxbiri Yevgeniy Sorochin tantanali ochilish marosimida ishtirok etib, Samarqand jahon shaxmatidagi eng yirik jamoaviy musobaqa ishtirokchilarini qanday kutib olgani haqida fotoreportaj tayyorladi.
Source: www.gazeta.uz