Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, «Qoradaryo-2026» keng ko‘lamli operativ-profilaktika tadbirining ikkinchi bosqichi doirasida respublikaning barcha viloyatlarida vertolyot texnikasidan foydalangan holda nazorat parvozlari amalga oshirildi. Ushbu chora-tadbirlar natijasida fuqarolarning uylarida yetishtirilgan jami 70 kilogramm narkotik moddasi bo‘lgan o‘simliklar yo‘q qilindi.

IIV Operativ qidiruv departamenti va uning hududiy bo‘linmalari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan operativ-qidiruv tadbirlari natijasida Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanida yashovchi bir fuqaro o‘z uyida 24 kilogramm marixuana saqlaganligi aniqlanib, ushlanildi. Shuningdek, xuddi shu tumanda yashovchi fermer xo‘jaligi boshqaruvchisi ham qo‘lga olindi. Tergov davomida u 200 kvadrat metr maydondagi yer uchastkasida 520 tup nasha o‘simligini yetishtirib, plantatsiya tashkil qilgani ma’lum bo‘ldi.

Shunga o‘xshash tekshiruvlar Izboskan tumanida ham o‘tkazildi. Bu yerda bir fuqaro o‘z uyida 6 kilogramm 100 gramm marixuana saqlaganligi qayd etildi. Operativ tadbirlar Samarqand viloyatida davom ettirilib, Samarqand tumanida yashovchi fuqaro o‘z tomorqasida 41 tup nasha ekib yetishtirgani va 400 gramm marixuana saqlaganligi aniqlanib, ushlanildi.

Vertolyotlar yordamida nazorat tadbirlari Buxoro viloyatida ham o‘tkazildi. Buxoro tumanida turmush o‘rtoqlar o‘z uylarining tomorqasida 46 tup nasha ekib yetishtirganliklari uchun qo‘lga olindi. Yana bir holatda 42 kvadrat metr yer uchastkasida 53 tup nasha yetishtirgan oila a’zolari ushlandi.

Yuqorida qayd etilgan barcha shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 270-moddasi (Ekish taqiqlangan ekinlarni yetishtirish) 1 va 2-qismlarining tegishli bandlari, shuningdek 273-moddasi 6-qismi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni sotish maqsadida noqonuniy tayyorlash, sotib olish, saqlash va boshqa harakatlar, shuningdek ularni sotish) bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Source: uznews.uz