Joriy yilning yanvar-avgust oylarida O‘zbekiston banklari 59 179 nafar fuqaroga jami 18,3 trillion so‘m miqdorida ipoteka kreditlari ajratdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 36,6 foizga ko‘pdir. Ma’lumotlar Markaziy bank tomonidan e’lon qilindi.
Ajratilgan mablag‘larning katta qismi – 13,6 trillion so‘m yoki umumiy hajmning 74 foizi birlamchi bozorda uy-joy sotib olishga yo‘naltirildi. Qolgan 4,7 trillion so‘m (26 foiz) ikkilamchi bozorga to‘g‘ri keldi.
Qarz oluvchilarning asosiy qismini 31 yoshdan 50 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar tashkil etdi: ularning ulushi 64 foizni tashkil qildi. 18-30 yoshdagi qarz oluvchilar ulushi 26 foiz, 51 yoshdan kattalar esa 10 foizni tashkil etdi.
Eng ko‘p ipoteka kreditlari Toshkent shahrida – 5,59 trillion so‘mga berilgan. Keyingi o‘rinlarda Andijon viloyati – 1,6 trillion so‘m, Qashqadaryo viloyati – 1,3 trillion so‘m va Farg‘ona viloyati – 1,26 trillion so‘m. Eng kam hajm Sirdaryo viloyatida qayd etilgan – 497 milliard so‘m.
Respublika byudjeti hisobidan ipoteka bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 16,9 foizni, Ipotekani qayta moliyalash kompaniyasi hisobidan 21,6 foizni, banklar hisobidan esa 20,7 foizni tashkil etdi.
Source: uznews.uz