️ 17-sentabrda imzolangan prezident qarorlari bilan O‘zbekistonning uch hududida qattiq maishiy chiqindilarni termik usulda qayta ishlash orqali elektr energiyasi ishlab chiqarishga qaratilgan yirik investitsiya loyihalari belgilandi. Umumiy qiymati 395 million dollarni tashkil etuvchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb qilinishi va zamonaviy chiqindilarni qayta ishlash quvvatlari yaratilishi rejalashtirilgan.
️ Surxondaryo viloyatida Xitoyning China Sciences Environmental Protection Technology (Hong Kong) International Co., Ltd (CSET) kompaniyasi investor sifatida ishtirok etadi. 2026−2028-yillarda loyihaga 150 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritilib, kuniga ming tonna qattiq maishiy chiqindini termik usulda qayta ishlash va yiliga 126 million kVt elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega uskunalar ishga tushiriladi. Loyiha Angor tumanidagi “Bahor” MFY hududida tashkil etiladigan 15 gektarlik ekosanoat zonasida amalga oshiriladi.
️ Loyiha kompaniyasi ishlab chiqarilgan elektr energiyasini 30 yil davomida “O‘zenergosotish” AJga kafolatlangan tarzda sotadi. Shuningdek, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi loyiha kompaniyasiga 30 yil davomida qattiq maishiy chiqindilarni kafolatlangan hajmda yetkazib beradi. Loyiha doirasida elektr stansiyasini yagona elektr tarmog‘iga ulash uchun zarur elektr uzatish tarmoqlari va infratuzilma qurilmalari ham barpo etiladi.
️ Buxoro va Navoiy viloyatlaridagi loyihaga Singapurda ro‘yxatdan o‘tgan Wangneng (UZ) Environmental Protection Energy Pte. Ltd kompaniyasi investor sifatida jalb qilingan. Loyiha doirasida 165 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritilib, Buxoro viloyatida kuniga 1,5 ming tonna chiqindini termik qayta ishlash va yiliga 238 million kVt elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega uskunalar ishga tushiriladi. Bu loyiha ham 2026−2028-yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Kogon tumanidagi “Guliston” MFY hududidan 40 gektar yer ekosanoat zonasi tashkil etish uchun ajratiladi. Buxoro viloyatida chiqindilarni yig‘ish va olib chiqib ketish xizmatlarini ko‘rsatuvchi korxonalar bilan ham davlat-xususiy sheriklik asosida bitimlar tuzishga ruxsat berilgan.
️ Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham Xitoyning China Sciences Environmental Protection Technology (Hong Kong) International Co., Ltd (CSET) kompaniyasi ishtirokida chiqindidan elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi. 2026−2028-yillarda loyihaga 80 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jalb etilib, kuniga 750 tonna chiqindini termik usulda qayta ishlash hamda yiliga 90 million kVt elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvati yaratiladi. Loyiha Nukus tumanidagi “Taqirko‘l” OFY hududida tashkil etiladigan 30 gektarlik ekosanoat zonasida amalga oshiriladi. Surxondaryo va Buxorodagi kabi bu loyihada ham elektr energiyasini 30 yil davomida kafolatlangan tarzda xarid qilish va qattiq maishiy chiqindilarni kafolatlangan hajmda yetkazib berish mexanizmlari belgilangan.
️ Uchta loyiha doirasida investorlar qurilish davridagi majburiyatlarini ta’minlash uchun 8 million dollarlik birinchi darajali bank kafolati taqdim etadi. Loyiha kompaniyalariga chet eldagi banklarda hisobvaraq ochish, xorijiy kreditorlar, pudratchilar va yetkazib beruvchilarga ayrim to‘lovlarni O‘zbekistondagi bank hisobvaraqlari orqali o‘tkazmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga oshirish huquqi ham berilgan. Shuningdek, loyihalar uchun zarur elektr infratuzilmasini qurish, yer uchastkalarini ajratish va ekosanoat zonalarini tashkil etish bo‘yicha tegishli davlat organlariga vazifalar yuklatilgan.
️ Umuman, qarorlarga ko‘ra, Surxondaryo, Buxoro va Qoraqalpog‘istonda kuniga jami 3,25 ming tonna maishiy chiqindi termik usulda qayta ishlanishi va yiliga 454 million kVt elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvati yaratilishi ko‘zda tutilgan. Loyihalarga jalb etiladigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarning umumiy hajmi 395 million dollarni tashkil etadi. Avvalroq Xorazmda 800 tonna chiqindini qayta ishlab, 71 million kVt, Jizzaxda esa ming tonna chiqindini qayta ishlash orqali 110 million kVt elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi zavodlar qurilishi ma’lum qilingandi.
️ 2024-yil oktabr oyida prezident Shavkat Mirziyoyev maishiy chiqindilarni qayta ishlash va ulardan elektr energiyasi hamda mahsulot ishlab chiqarish loyihalari haqida gapirar ekan, bu sohani “shunchaki zavodlar emas, balki taqdiriy ahamiyatga ega masalalardan biri” deb atagan. 2025-yil mart oyida u qattiq maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish to‘g‘risida qaror imzolagan. Shunday loyihalardan biri Samarqandda Xitoyning Shanghai SUS Environment kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. SUS Environment Samarkand zavodi “Xushrav” massividagi “Navro‘z” mahallasida joylashgan markaziy poligon hududida qurilmoqda: loyiha uchun poligonning 100 gektar maydonidan 15 gektari ajratilgan. Korxona poydevoriga tamal toshi 2025-yil 18-iyul kuni qo‘yilgan, hozirda qurilish ishlari davom etmoqda. O‘tgan yil yozida obyektni Gazeta jurnalisti Otabek Turdiyev borib ko‘rgan.
️ Chiqindilarni yoqish zavodlari sanoat va qattiq maishiy chiqindilarni qozonlar yoki pechlarda termik qayta ishlash texnologiyasi asosida ishlaydi. Yonish jarayonida hosil bo‘lgan issiqlikdan issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqarishda foydalaniladi.
Source: www.gazeta.uz