Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda 2027-yil mart oyidan Toshkent-Nukus yo‘nalishida tezyurar poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qildi. Bu loyiha safar vaqtini 16 soatdan 7 soatga qisqartirish imkonini beradi.

Yig‘ilishda transport infratuzilmasini yaxshilash borasida muhim qadamlar e’lon qilindi. Xususan, Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda 384 million dollar hisobiga A-380 magistral yo‘lining Qo‘ng‘irotdan o‘tgan 240 kilometri to‘liq beton qoplamaga o‘tkazildi. Kecha esa yo‘lning To‘rtko‘l, Ellikqal’a va Beruniy tumanlaridan o‘tgan yana 92 kilometrlik qismini qurish boshlandi. Mazkur loyihaning qiymati 233 million dollarni tashkil etadi. Natijada tranzit salohiyati 1,5 baravar oshadi va To‘rtko‘lga kirgan yuklar Qozog‘iston chegarasiga bir sutka o‘rniga 10 soatda yetib boradi.

Ijtimoiy sohada ham katta o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Bo‘zatovda zamonaviy sanatoriy, Nukusda onkologiya va radiologiya markazi, Qo‘ng‘irotda bolalar shifoxonasi va tug‘uruqxona ishga tushirildi. Amudaryo va To‘rtko‘lda har biri 2 ming o‘rinli amfiteatr, Nukus shahrida gimnastika markazi va Konservatoriya filiali foydalanishga topshirildi. Shuningdek, “Tuyamo‘yin” suv tozalash inshootini rekonstruksiya qilish va Qo‘ng‘irotdan Mo‘ynoqqa 100 kilometr ichimlik suv tarmog‘ini tortish boshlanadi.

Prezident Qoraqalpog‘istonning yer, qazilma boyliklar, quyosh va shamol energiyasi hamda katta yaylovlar kabi imkoniyatlarini ta’kidlab, “resursdan tayyor mahsulotgacha” bo‘lgan zanjirni qamrab oladigan yangi sanoat va investitsiya xaritasi yaratilishini e’lon qildi. “Qo‘ng‘irot — Qorao‘zak — Taxiatosh” yo‘nalishi Qoraqalpog‘istonning “yashil sanoat yo‘lagi” — “intellektual iqtisodiyot uchburchagi”ga aylanadi. Sun’iy intellekt va data markaz loyihalari uchun tashkil etilgan maxsus zonada 8 milliard dollarlik 6 ta loyiha amalga oshiriladi.

Mutasaddilarga 1-oktabrgacha besh yillik dasturni ishlab chiqish va investorlar uchun 1 gigavatt quvvatli barqaror elektr ta’minotini yo‘lga qo‘yish topshirildi. Uch yil ichida Nukus shahri, Qo‘ng‘irot, Qorao‘zak va Taxiatoshda 1,5 ming yuqori daromadli ish o‘rni yaratish, bulutli texnologiyalar va sun’iy intellekt sohasida yillik eksportni 600 million dollarga yetkazish vazifasi belgilandi.

Source: www.gazeta.uz