Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Qoraqalpog‘istonda oilaviy tadbirkorlik kreditlari bo‘yicha foiz stavkasi 17,5 foizdan 12 foizga tushiriladi. Bu haqda prezident Nukusdagi yig‘ilishda ma’lum qildi.

Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, Qoraqalpog‘istonda 2 ming tadbirkor uch yil davomida 2 trillion 145 milliard so‘mlik kreditni o‘z vaqtida qaytarib, banklarning ishonchli mijoziga aylangan. Ushbu tajriba asosida yana kamida 30−40 ming kishini ishli va daromadli qilish imkoniyati borligi aytildi.

Hududga mas’ul bank ishonchli mijozlar uchun 16 foiz stavkada 300 milliard so‘mlik kredit liniyasini ochadi. Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi kredit foizining 4 foizlik qismini qoplab beradi. Natijada tadbirkorlar uchun kredit stavkasi 12 foizni tashkil etadi. Qolgan sakkizta bankka ham bir oy muddatda shunga o‘xshash qulay kredit mahsulotlarini ishlab chiqish topshirildi.

Kelasi yili kredit resurslari ikki karra oshirilib, Uychi va Zarbdor tajribasi asosidagi “drayver” loyihalarga 100 million dollar yo‘naltiriladi. Bu orqali kamida 50 ming kishini daromadli qilish vazifasi belgilandi.

Ikki yilda biznes infratuzilmasiga 370 milliard so‘m ajratilgani hisobiga 2 ming 200 ta savdo-servis obyekti ishga tushib, 10 mingga yaqin ish o‘rni yaratilgan. Nukus tumanidagi Diyqan arna mahallasida 60 o‘rinli bog‘cha, futbol va vorkaut maydonchalari tashkil etilgani mahallaga yangicha kayfiyat olib kirgani ta’kidlandi.

Tuman hokimlariga shu yil iqtisodiy o‘sish va bandlikka turtki beradigan yana ikkitadan loyiha qilib, 10 ming odamni daromadli qilish topshirildi. Buning uchun 100 milliard so‘m ajratilib, bir haftada moliyalashtirish ochiladi.

Source: www.gazeta.uz