19-sentabr oqshomida Toshkent osmonida ortidan uzun iz qoldirgan yorqin jism kuzatildi. Bu hodisa ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda qayd etilgan bo‘lib, ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi matbuot xizmati ushbu hodisa yuzasidan rasmiy izoh berdi.
Fanlar akademiyasi Astronomiya instituti ekspertlari foto va videomateriallarni dastlabki tahlil qilib, jismning tashqi ko‘rinishi, harakatlanish xususiyatlari hamda qoldirgan izi meteor yoki bolid alomatlariga ega emasligini ma’lum qildi. Ularning ta’kidlashicha, ushbu jism raketa qismiga ko‘proq o‘xshaydi.
Institut katta ilmiy xodimi Kamoliddin Ergashevning so‘zlariga ko‘ra, eng ehtimoliy taxmin — bu Xitoyning “Tayyuan” kosmodromidan uchirilgan Long March-2D (Chang Zheng-2D) tashuvchi raketasining ishlab bo‘lingan birinchi bosqichidir. Mazkur raketa PIESAT-2 seriyasidagi to‘rtta sun’iy yo‘ldoshni orbitaga muvaffaqiyatli olib chiqqan edi.
“Dastlabki orbital hisob-kitoblar uchirish vaqti, raketaning orbitasi hamda Toshkent osmonida hodisa kuzatilgan vaqt va yo‘nalish o‘rtasida juda yaxshi moslik mavjudligini ko‘rsatmoqda. Shu sababli hozirgi bosqichda eng ehtimolli tushuntirish — Toshkent osmonida kuzatilgan hodisa ushbu kosmik uchirishning raketa bosqichi yoki undan keyingi orbital jarayonlardan biri bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin”, — dedi u.
Shu bilan birga, olim ushbu jismni aynan mazkur raketaning qismi deb qat’iy xulosa qilishga hali erta ekanligini qo‘shimcha qildi. Hodisani mustaqil ravishda to‘liq identifikatsiya qilish uchun yangi uchirilgan obyektlarga oid zarur elementlar va ma’lumotlar xalqaro orbital kataloglarda hozircha mavjud emas.
Source: www.gazeta.uz