Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent viloyati Chirchiq shahrida 17 yoshli maktab o‘quvchisi Rossiyadan yuborilgan va ichida 852,2 gramm gashish bo‘lgan jo‘natmani olayotgan vaqtda qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi xabar berdi.

Mazkur tezkor tadbir Bojxona qo‘mitasining Kontrabandaga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi tuzilmalari bilan hamkorlikda “xalqaro nazorat ostida yetkazib berish” amaliyoti doirasida o‘tkazildi. Idora ma’lumotlariga ko‘ra, 2009-yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan shaxs Rossiyadan kelgan posilkani qabul qilib olayotgan paytda ushlangan.

Xolislar ishtirokida jo‘natma ochib ko‘rilganda, giyohvandlik moddasi to‘rtta konserva qutisi ichiga yashirilgani aniqlandi. Olingan gashishning umumiy og‘irligi 852,2 grammni tashkil etdi. Keyinchalik o‘smirning yashash joyi ko‘zdan kechirilganda, huquq-tartibot organlari xodimlari elektron tarozi, kichik zip-paketlar va izolenta borligini ham aniqladi. Bojxona qo‘mitasining ta’kidlashicha, ushbu buyumlar giyohvandlik moddalarini qadoqlash va tarqatishda ishlatilgan bo‘lishi mumkin. Barcha ashyolar dalil sifatida olib qo‘yildi.

Qo‘mitaning bildirishicha, musodara qilingan gashish miqdori 60 mingdan ziyod dozaga teng keladi, uning qora bozordagi qiymati esa qariyb 600 ming dollarga baholanmoqda. Bu holat yoshlar orasida giyohvandlik moddalarining tarqalish xavfini yana bir bor ko‘rsatadi.

Bojxona qo‘mitasi ota-onalarni farzandlari ijtimoiy tarmoqlarda kimlar bilan muloqot qilayotgani va bo‘sh vaqtlarini qanday o‘tkazayotganiga yanada e’tiborli bo‘lishga chaqirdi. Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Source: www.gazeta.uz