Qoraqalpog‘istonda oltin qazib olish va uni qayta ishlash klasterini yo‘lga qo‘yish hamda geologiya-qidiruv ishlari ko‘lamini kengaytirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev 19-sentabr kuni Nukus shahrida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qildi.
Davlat rahbarining ta’kidlashicha, hudud bo‘yicha geologiya-qidiruv ishlari faqatgina 20 foiz maydonda bajarilgan. Yirik investorlar kirib kelayotgan bir paytda, Qoraqalpog‘istonda xomashyo zaxiralariga oid ma’lumotlar yetarli emas. Bu esa salohiyatdan to‘liq foydalanishga to‘sqinlik qilmoqda.
Prezident Qorao‘zak tumanidagi “Urusoy” konida xitoylik investor amalga oshirgan loyihani misol tariqasida keltirdi. Kompaniya 33 million dollar sarmoya kiritib, yangi texnologiyalarni jalb etgan. Natijada 200 gektar maydonda 4 tonna oltin zaxirasi aniqlangan (joriy narxlarda bu 563 mln dollarga baholanmoqda) va 320 ta ish o‘rni yaratilgan.
Mas’ullarga investorlar tomonidan ko‘tarilgan masalalarni bir oy muddatda hal etish, 1000 ta yangi ish o‘rniga ega oltin qazib olish va qayta ishlash klasterini tashkil qilish, shuningdek, geologiya-qidiruv bo‘yicha kompleks dastur ishlab chiqib, konlar zaxirasini qayta baholash vazifasi yuklatildi.
Yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonda mavjud ma’dan xomashyolarini chuqur qayta ishlash zarurligiga ham alohida e’tibor qaratdi. Qo‘ng‘irot tumanidagi “Borsakelmas” konidan har yili 1 million tonna texnik tuz qayta ishlanmasdan sotilmoqda. Bo‘zatov tumanidagi “Kuskanatau” konida mirabilit xomashyosini qayta ishlash orqali yiliga 45 ming tonnagacha natriy sulfat, astraxanitni qayta ishlash hisobiga esa magniy sulfat olish mumkinligi ta’kidlandi.
Bundan tashqari, Germaniya kompaniyasining Beruniy tumanidagi kvarsit koniga 30 million dollar investitsiya kiritish rejasi haqida xabar berildi. Investor kristall kremniy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yib, yiliga 25 million dollarli mahsulot eksport qilishni maqsad qilgan. Yig‘ilishda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, jahon bozorida bir tonna kristall kremniyning narxi taxminan 5500 dollarni tashkil etadi.
Kimyo sanoati mutasaddilariga oldin ko‘zda tutilgan 400 million dollarli tashabbuslarga qo‘shimcha ravishda yana 200 million dollarli loyihalarni tayyorlash va amalga oshirish topshirildi. Ushbu loyihalar hisobiga 5000 ta yangi ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda yiliga qariyb 120 tonna oltin ishlab chiqariladi va uning asosiy qismi (taxminan 100 tonnasi) Navoiy kon-metallurgiya kombinati hissasiga to‘g‘ri keladi.
Source: www.gazeta.uz