Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

20-sentabr kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan 46-Butunjahon shaxmat Olimpiadasining beshinchi turida O‘zbekistonning birinchi raqamli erkaklar milliy jamoasi Vengriya ustidan yirik hisobda g‘alaba qozonib, ketma-ket beshinchi jamoaviy g‘alabasini nishonladi. Ayollar jamoasi esa AQSh bilan kuch sinashib, durang qayd etdi.

Grossmeyster Javohir Sindarov (2778) ikkinchi doskada qora donalarda o‘ynab, vengriyalik tajribali grossmeyster Peter Leko (2676) ustidan g‘alaba qozondi. Bu o‘zbekistonlik shaxmatchi uchun o‘z uyida o‘tayotgan Olimpiadadagi to‘rt bahsdan uchinchi g‘alaba bo‘ldi. O‘zi dam olgan bitta turni hisobga olmaganda, Sindarov besh tur yakuniga ko‘ra maksimal 4 ochkodan 3,5 ochkoni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi. Sindarovning xalqaro turnirlarga, jumladan, mazkur shaxmat Olimpiadasiga tayyorgarlik ko‘rishi, ishtirok etishi va murabbiylar bilan ishlashi O‘zbekiston Milliy banki ko‘magida amalga oshirilmoqda.

Vengriya bilan uchrashuvda asosiy jamoaning to‘rtta shaxmatchisi ham g‘alabaga erishdi. Birinchi doskada Nodirbek Abdusattorov oq donalarda Rixard Rapportni (2726) mag‘lub etdi. Nodirbek Yoqubboyev Benyamin Gleduradan (2620), Shamsiddin Vohidov esa Gleb Dudindan (2560) ustun keldi. Natijada O‘zbekiston kuchli raqiblardan birini 4:0 hisobida tor-mor etdi va 100 foizli jamoaviy natijani saqlab qoldi — besh turdan so‘ng maksimal 10 ochkodan 10 ta jamoaviy ochko jamg‘arildi.

Besh turdan so‘ng terma jamoa turnir jadvalida 1-o‘ringa chiqib oldi. Germaniya va Hindiston hisobida ham xuddi shuncha ochko bor, biroq O‘zbekiston qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra ularni ortda qoldirmoqda. Xitoy va Fransiya esa 9 ochkodan to‘plagan. Olimpiada davomida onlayn reytingda ilk bor 2700 li dovondan oshgan Nodirbek Yoqubboyevni alohida e’tirof etish lozim. Beshinchi turdagi g‘alabadan so‘ng uning ko‘rsatkichi 2702,6 ga yetdi va bu unga onlayn reytingda 33-o‘ringa ko‘tarilish imkonini berdi. Yoqubboyev Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindarovdan keyin reytingi 2700 balldan oshgan O‘zbekistonning uchinchi shaxmatchisiga aylandi.

O‘zbekistonning ikkinchi erkaklar jamoasi Filippin ustidan 2,5:1,5 hisobida zafar quchdi. Matchdagi yagona g‘alabani birinchi doskada Maykl Konsioni mag‘lub etgan Abdumalik Abdisalimov qo‘lga kiritdi. Muhammadjo‘hid Suyarov, Ortiq Nigmatov va Humoyun Begmuratov o‘z partiyalarini durang bilan yakunladi. Bu O‘zbekiston-2 uchun uchinchi turda Germaniyadan uchralgan mag‘lubiyatdan so‘ng qo‘lga kiritilgan ketma-ket ikkinchi g‘alaba bo‘ldi. O‘zbekistonning uchinchi erkaklar jamoasi Avstriyaga qarshi bahsni 2:2 hisobidagi durang bilan yakunladi. O‘zbekistonliklarga yagona g‘alabani Valentin Baydetskiy ustidan zafar quchgan Asrorbek Omonov keltirdi. Almas Rahmatullayev va Muhammadali Abdurahmonov mos ravishda Feliks Bloxberger va Lukas Dotser bilan durang qayd etdi. Bahrom Bahrillayev esa Kirill Alekseyenkoga imkoniyatni boy berdi.

Beshinchi turning markaziy bahslaridan birida Germaniya AQSh ustidan 2,5:1,5 hisobida g‘alaba qozondi. Hal qiluvchi ochkoni Xans Nimanni mag‘lub etgan Frederik Svane taqdim etdi. Vinsent Keymerning Fabiano Karuana, Mattias Blyubaumning Uesli So va Aleksandr Donchenkoning Levon Aronyan bilan partiyalari durang bilan yakun topdi. Hindiston Niderlandiyani 3:1 hisobida yengdi: Pragnanandxa Anish Girini, Gukesh Dommaraju esa Ervin L’Amini mag‘lub etdi. Arjun Erigaysi va Nihal Sarin durang o‘ynadi. Xitoy ilk bor jamoaviy ochko yo‘qotib, Armaniston bilan 2:2 hisobida durang qayd etdi. Ushbu uchrashuvdagi to‘rtta partiyaning hech birida g‘olib aniqlanmadi. Fransiya Chexiyani 2,5:1,5 hisobida yengdi, Angliya xuddi shu hisobda Gruziyani, Eron Litvani 3:1, Polsha esa Vetnamni (2,5:1,5) mag‘lub etdi. Ukraina Chernogoriyani 3,5:0,5 hisobida tor-mor keltirgan bo‘lsa, Turkiya ham xuddi shu natija bilan Latviyadan ustun keldi.

Ayollar musobaqasida reyting bo‘yicha 13-o‘ringa ega bo‘lgan O‘zbekistonning asosiy jamoasi ilk bor jamoaviy g‘alabani qo‘ldan boy berib, musobaqa peshqadamlardan biri — AQSh (reyting bo‘yicha 5-jamoa) bilan 2:2 hisobidagi durangga imzo chekdi. Birinchi doskada Afruza Hamdamova oq donalarda Karissa Yipni (2468) taslim etdi. Gulruhbegim Tohirjonova Elis Liga (2453) imkoniyatni boy berdi. Oldingi barcha to‘rt partiyada g‘alaba qozongan Umida Omonova Tatev Abramyan bilan durang o‘ynab, mag‘lubiyatsiz seriyasini davom ettirdi. Nilufarxon Imomqo‘ziyeva ham Rouz Etvell bilan ochkoni bo‘lishib oldi. AQSh bilan durangdan so‘ng O‘zbekiston birinchi ayollar jamoasi to‘plash mumkin bo‘lgan 10 ochkodan 9 ta jamoaviy ochko jamg‘arib, peshqadamlardan bir ochko ortda qolmoqda. Besh tur natijalariga ko‘ra Polsha, Xitoy, Qozog‘iston va Ozarbayjon 10 tadan ochkoga ega. AQSh hisobida ham 9 ochko mavjud. Polsha qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra peshqadamlik qilmoqda, keyingi o‘rinlarni Xitoy va Qozog‘iston band etgan.

O‘zbekistonning ikkinchi ayollar jamoasi Tunis ustidan yirik — 4:0 hisobida ishonchli g‘alaba qozondi. O‘z partiyalarida Nilufar Yoqubboyeva, Marjona Malikova, Madinabonu Xalilova va Asal Salimova g‘alaba qozondi. Bu oldingi turdagi muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng jamoa uchun muhim yutuq bo‘ldi. O‘zbekistonning uchinchi ayollar jamoasi ham o‘z uchrashuvida ishonchli harakat qilib, Madagaskarni 3,5:0,5 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Zilola Aktamova, Barchinoy Shokirjonova va Ozoda Shahzodova to‘liq bir ochkodan qo‘lga kiritdi. Maftuna Bobomurodova esa partiyani durang bilan yakunladi.

Ayollar musobaqasining beshinchi turidagi asosiy natijalardan biri Polshaning Hindiston ustidan qozongan g‘alabasi (2,5:1,5) bo‘ldi. Hal qiluvchi ochkoni Vayshali Rameshbabuni mag‘lub etgan Aleksandra Malsevskaya keltirdi. Qolgan uchta partiya durang bilan tugadi. Qozog‘iston Germaniyani 2,5:1,5 hisobida yengdi. Yagona g‘alabali partiyani Meruyert Kamalidenova o‘z foydasiga hal qildi. Xitoy Chju Sziner va Sun Yuysinning g‘alabalari evaziga Bolgariyani 3:1 hisobida mag‘lub etdi. Ozarbayjon ham xuddi shunday hisobda Serbiya ustidan g‘alaba qozondi. Ukraina Avstriyani 2,5:1,5, Gruziya ham Indoneziyani xuddi shu hisobda yengdi. Niderlandiya va Shveysariya 2:2 hisobidagi durangga rozi bo‘ldi. Beshinchi turdan so‘ng ayollar seksiyasidagi peshqadamlar o‘rtasidagi kurash yanada qizg‘in tus oldi: O‘zbekiston AQSh bilan o‘yinda birinchi jamoaviy ochkosini yo‘qotgan bir paytda, Polsha, Qozog‘iston va Xitoy to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqobatchilari ustidan g‘alaba qozondi.

Oltinchi turda O‘zbekistonning asosiy erkaklar jamoasini kunning markaziy uchrashuvlaridan biri kutmoqda — ular Hindistonga qarshi bahs olib boradi. Har ikki jamoa ham besh turdan so‘ng 10 tadan jamoaviy ochko jamg‘arib, ochiq seksiya peshqadamlari safidan joy olgan. O‘zbekiston-2 Ispaniya bilan kuch sinashadi. Har ikkala jamoa hisobida 8 tadan ochko bor. Uchinchi erkaklar terma jamoasi esa Avstraliya bilan to‘qnash keladi — ushbu tur oldidan har ikki tomonda 7 tadan ochko mavjud. Ayollar musobaqasida O‘zbekistonning birinchi jamoasi Gruziyaga qarshi dona suradi. O‘zbekistonlik shaxmatchi qizlar besh tur yakunlariga ko‘ra 9 ochko, Gruziya esa 8 ochko jamg‘argan. O‘zbekiston-2 Shimoliy Makedoniya bilan, O‘zbekiston-3 esa Shvetsiya bilan bahslashadi. Jamoalarning barchasida 6 tadan jamoaviy ochko mavjud.

Shaxmat Olimpiadasi shveysarcha tizimda 11 turdan iborat tarzda o‘tkaziladi. Har bir jamoaviy bahsda to‘rt nafar shaxmatchi dona suradi, yana bir nafari esa zaxira tarkibiga kiradi. Jamoaviy g‘alaba uchun 2 ochko, durang uchun esa 1 ochko beriladi. Vaqt nazorati: dastlabki 40 ta yurish uchun 90 daqiqa, so‘ngra partiya yakuniga qadar yana 30 daqiqa. Birinchi yurishdan boshlab har bir o‘yinchiga har bir yurish uchun 30 soniyadan qo‘shib boriladi. Partiyalar translyatsiyasini UzChess (o‘zbek tilida) va City Chess (rus tilida) YouTube kanallarida tomosha qilish mumkin.

Source: www.gazeta.uz