Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent xalqaro aeroportida bojxona nazorati chog‘ida Dubaydan kelgan yo‘lovchining yukidan deklaratsiyada ko‘rsatilmagan, umumiy qiymati 1 milliard 293 million so‘mga teng bo‘lgan zargarlik buyumlari va oltin quymalari topildi. Bu haqda "Toshkent-Aero" ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, tekshiruv vaqtida fuqaroning yuki orasidan sof og‘irligi 921,37 gramm bo‘lgan 141 dona zargarlik buyumi hamda uchta oltin quymasi aniqlangan. Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, ushbu qimmatbaho buyumlarning bozor qiymati 1 milliard 293 million so‘mni tashkil etadi.

Shuningdek, bojxona xodimlari yuk orasidan aksiz markalari bo‘lmagan 120 quti tamaki mahsuloti va 90 dona nikotinli snyus mahsulotini ham topgan. Bu holat qo‘shimcha qonunbuzarlik sifatida qayd etildi.

Hozirda mazkur fakt yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Bojxona organlari tomonidan qo‘shimcha ma’lumotlar o‘rganilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namangan aeroportida besh nafar fuqaro 555 gramm oltin quymalari va 200 gramm zargarlik buyumlarini tanasi ichiga yashirib, Hindistonga olib chiqishga uringan edi. O‘shanda qimmatbaho metallarning taxminiy qiymati 1,1 milliard so‘mga baholangan.

Ma’lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 244-sonli qaroriga muvofiq, jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyojlari uchun avtomobil va piyoda o‘tkazish punktlari orqali tovarlarni bojsiz olib kirish normasi 300 dollar miqdorida belgilangan. Bojxona qo‘mitasining qayd etishicha, mazkur talab zargarlik buyumlariga ham tegishli bo‘lib, bunda buyumlar tayyor zargarlik mahsuloti bo‘lishi va tijorat maqsadlarini ko‘zlamagan bo‘lishi shart.

Source: www.gazeta.uz