Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tibbiyot sohasidagi tadbirkorlarni reklama qonunchiligi talablariga qat’iy rioya qilishga chaqirdi. Bu haqda idora matbuot xizmati xabar qildi.
Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi paytlarda tibbiy xizmatlar reklamasida “kasallikdan bir umrga xalos qilamiz”, “mutlaqo xavfsiz”, “uch kunda davolaymiz”, “hech qanday nojo‘ya ta’siri yo‘q” va “barcha bemorlar sog‘aydi” kabi oshirib ko‘rsatilgan iboralardan foydalanish holatlari tez-tez uchramoqda. Bu kabi so‘zlar iste’molchilarni chalg‘itishi va noto‘g‘ri umidlar uyg‘otishi mumkin.
Ta’kidlanishicha, reklamada quyidagilardan foydalanish amaldagi qonunchilikni buzilishiga olib kelishi mumkin. “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 16-moddasiga muvofiq, nomaqbul (noaniqligi, bir xil ma’noli bo‘lmaganligi, bo‘rttirib yuborilishi, yashirib ketilishi, tarqatilish vaqti, joyi va usuliga nisbatan talablarning hamda qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa talablarning buzilishi natijasida reklamadan foydalanuvchilarni chalg‘itadigan yoki chalg‘itishi mumkin bo‘lgan) reklama taqiqlangan.
Idoraning eslatishicha, bu BHMning 70 baravari (30 mln 800 ming so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi. Shuningdek, “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 7-moddasiga ko‘ra, noto‘g‘ri reklama (axborot) oqibatida sotib olingan tovar (ish, xizmat) tufayli iste’molchiga yetkazilgan zarar ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) tomonidan to‘liq hajmda qoplanishi lozim.
Raqobat qo‘mitasi tadbirkorlarni reklamalarini amaldagi qonunchilik talablariga muvofiqlashtirishga, iste’molchilarga noto‘g‘ri va chalg‘ituvchi ma’lumotlar berishdan tiyilishga chaqirdi. Bu esa tibbiyot xizmatlari bozorida halol raqobatni ta’minlash va fuqarolar huquqlarini himoya qilishga xizmat qiladi.
Source: www.gazeta.uz