Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva joriy yilda Nyu Yorkda bo‘lib o‘tadigan BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasi umumiy munozaralarida O‘zbekiston nomidan so‘zga chiqadi. Bu ma’lumotni Gazeta manbalari tasdiqladi.

21-sentabr kuni sessiya doirasida Saida Mirziyoyeva BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashdi. 22-sentabrdan sessiya doirasida Yuqori darajadagi haftalik ochiladi. Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi hamkorlikning barcha muhim yo‘nalishlarini muhokama qildilar.

“O‘zbekiston va BMT birgalikda rivojlantirib kelayotgan barcha muhim hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qildik”, — deb yozdi u o‘zining Telegram kanalida. Shuningdek, u BMT bosh kotibiga samimiy minnatdorlik bildirdi.

“Xalqaro munosabatlar tizimi uchun murakkab bo‘lgan hozirgi davrda global miqyosda yetakchilik salohiyatini namoyon etayotgani hamda xavfsizlikning barcha asosiy jabhalarida mamlakatimizni qo‘llab-quvvatlayotgani uchun janob Guterrishga samimiy minnatdorlik bildiraman”, — deya qo‘shimcha qildi PA rahbari.

Ma’lumot uchun, Saida Mirziyoyeva PAning AQShdagi vakili Komil Allamjonov va O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili Ulug‘bek Lapasov bilan birgalikda suratga tushgan.

Bu yil 130 ga yaqin davlat va hukumat rahbarlari dunyoga o‘z murojaatlarini yo‘llash uchun Yuqori darajadagi haftalikda ishtirok etadi. Umumiy munozaralar seshanba, 22-sentabrdan shanba, 26-sentabrgacha hamda dushanba, 28-sentabr kuni bo‘lib o‘tadi.

Joriy yilgi mavzu — “Ishonchni qayta tiklash, o‘zgarishlarni boshqarish: Har bir inson manfaati uchun ishlaydigan Birlashgan Millatlar Tashkiloti”.

O‘tgan yili BMT Bosh assambleyasining 80-sessiyasi munozaralarida prezident Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlagan edi. 2023-yilning mart oyida o‘sha paytda PA Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha sho‘’ba mudiri bo‘lgan Saida Mirziyoyeva BMTning suv resurslari bo‘yicha konferensiyasida so‘zga chiqqan. U “Orol madaniyati sammiti” loyihasini taqdim etgan hamda mamlakatning suv resurslarini boshqarish sohasidagi muammolari va erishgan yutuqlari bilan o‘rtoqlashgan.

Source: www.gazeta.uz