Buxoro shahar hokimining 21-sentabrdagi qaroriga ko‘ra, 1-oktabrdan shaharning tarixiy qismida yo‘lovchi tashishga mo‘ljallanmagan transport vositalari harakati cheklanadi. Cheklov Ark qo‘rg‘onidan Poyi Kalon ansambli va Haqiqat ko‘chasi bo‘ylab Labi Hovuz ansambligacha bo‘lgan hududni qamrab oladi.
Hokimlik ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur hududda yo‘lovchi tashish uchun mo‘ljallanmagan yoki amaldagi talablarga javob bermaydigan elektromobillar, riksha, velomobil, velosiped, skuter, elektroskuter va boshqa mexanik hamda elektron harakatlanish vositalari soni keskin ko‘paygan. Bu tartibsiz harakatlanish, sayyohlar va piyodalar xavfsizligiga tahdid hamda jarohatlanish holatlariga olib kelgan.
Cheklov doirasiga elektroskuter, riksha, moped, to‘rt g‘ildirakli velosiped, elektrosamokat va kartinglar kiradi. Shuningdek, mazkur hududda ot va tuyada harakatlanish ham cheklanadi.
Buxoro shahar IIO FMB, viloyat IIBning Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi, shahar davlat soliq inspeksiyasi va viloyat Madaniy meros boshqarmasiga cheklovlarni joriy etish, kirish-chiqish joylariga tegishli axborot ko‘rsatkichlari va yo‘l belgilari o‘rnatish topshirildi. Shuningdek, tarixiy hududda faoliyat yuritayotgan jismoniy va yuridik shaxslarni qaror talablari haqida oldindan xabardor qilish va tushuntirish ishlarini olib borish belgilandi.
Hokimlik qarorda mazkur vositalardan foydalanib xizmat ko‘rsatuvchi o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun muqobil hududlar ham belgilanishini ko‘rsatgan. Ular, xususan, Yangi O‘zbekiston bog‘i yoki “Boqiy Buxoro” bog‘i hududida belgilangan tartibda xizmat ko‘rsatishi mumkin. Qaror 2026-yil 1-oktabrdan kuchga kiradi.
Avvalroq Buxoro shahrining eski shahar qismida xavfsizlikni ta’minlash va ommaviy tadbirlarda transport harakatini cheklash maqsadida 20 ta nuqtada taranga qarshi yo‘l to‘siqlari o‘rnatilishi xabar berilgan edi. To‘rt bosqichli loyihada dastlab 5 ta manzilga to‘siqlar qo‘yilishi reja qilingandi. Eslatib o‘tamiz, iyul oxirida Vazirlar Mahkamasi Buxoro shahrining 2043-yilgacha mo‘ljallangan bosh rejasini tasdiqlagan edi. Unga ko‘ra, shahar aholisi 385 ming nafarga yetadi, uy-joy fondi 4,46 mln kv metrdan 8,09 mln kv metrga oshiriladi. Tarixiy markazni rivojlantirish esa YUNESKO talablari asosida amalga oshiriladi.
Source: www.gazeta.uz