O‘zbekistonda energetika sohasidagi investitsiya loyihalarini tayyorlash va amalga oshirish tizimini tubdan o‘zgartirish taklif etildi. Bu takliflar 22-sentabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga elektr energetikasini rivojlantirishga bag‘ishlangan taqdimot chog‘ida ko‘rsatildi. Hukumatning baholashicha, amaldagi tartib loyihalarning cho‘zilishiga, idoralar funksiyalarining takrorlanishiga olib kelmoqda hamda energotizim ehtiyojlarini har doim ham to‘liq hisobga olmayapti.
Hozirgi paytda ko‘p hollarda investor tomonidan tashabbus bildirilgandan so‘ng yer maydoni, tarmoqqa ulanish, texnik shartlar, tariflar va investitsiyaviy kelishuvlar alohida-alohida kelishiladi. Bu esa jarayonni sekinlashtirib, samaradorlikni pasaytirmoqda. Yangi modelga ko‘ra, dastlab elektr energiyasiga bo‘lgan istiqbolli ehtiyoj, shundan so‘ng zarur generatsiya quvvatlari va infratuzilma aniqlab olinadi. Loyihalar yer maydoni, tarmoqqa ulanish nuqtasi va texnik yechimlari aniq belgilangan tayyor holda shakllantiriladi. Investorlar esa ochiq va raqobatli tanlov asosida saralab olinadi.
Yangi tizimda idoralar mas’uliyati aniq taqsimlanadi: Iqtisodiyot va moliya vazirligi yonilg‘i-energetika resurslariga bo‘lgan ehtiyojni prognozlashtirishga, Energetika vazirligi strategik rejalashtirish va texnik siyosatga mas’ul bo‘ladi. Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi bozor munosabatlari hamda tariflarni tartibga solish bilan shug‘ullanadi. Investitsiyalar uchun mas’ul idoralar investorlarni ochiq tanlovlar orqali jalb etishi, mahalliy hokimliklar esa yer ajratish va zarur infratuzilma masalalarini hal qilishi lozim bo‘ladi. Bundan tashqari, yonilg‘i-energetika resurslariga bo‘lgan talab prognozlarini hududlar va tarmoqlar kesimida shakllantirish hamda shu asosda har yili uch yillik investitsiya rejalarini yangilab borish taklif etildi.
Bu yangi elektr stansiyalari, tarmoqlar va boshqa infratuzilmalarni barpo etishni o‘zaro muvofiqlashtirish imkonini berishi kutilmoqda. Uzoq muddatli istiqbolda esa O‘zbekistonni 2050-yilgacha yonilg‘i-energetika resurslari bilan ta’minlash konsepsiyasini ishlab chiqish rejalashtirilgan. Hujjat mamlakatning resurs salohiyati, aholi va iqtisodiyotning o‘sishi, energiya samaradorligini oshirish, qayta tiklanuvchi va atom energetikasini rivojlantirish hamda energetika xavfsizligi masalalarini qamrab olishi lozim. Konsepsiyani har besh yilda qayta ko‘rib chiqish taklif qilinmoqda.
Shavkat Mirziyoyev yangi energetika loyihalari iqtisodiyot va aholining uzoq muddatli ehtiyojlariga mos kelishi, generatsiyani rivojlantirish esa tarmoqlar imkoniyati va iste’mol darajasi bilan chambarchas bog‘lanishi shartligini ta’kidladi. Mutasaddi shaxslarga yirik loyihalarni o‘z vaqtida ishga tushirishni ta’minlash, muddati cho‘zilgan loyihalar bo‘yicha investorlar bilan birgalikda choralar ko‘rish, generatsiya va elektr tarmoqlarini mutanosib tarzda rivojlantirish, energiya saqlash tizimlarini kengaytirish hamda tarmoqda yangi rejalashtirish modelini joriy etish topshirildi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda iqtisodiy samaradorligi past, moliyalashtirish manbalari aniq bo‘lmagan va muddatlari cho‘zilgan energetika loyihalari qayta ko‘rib chiqiladi. Yangi quvvatlar nafaqat elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi, balki uning tannarxi va elektr tarmog‘iga ulanish imkoniyatlari asosida ham baholanadi.
Source: www.gazeta.uz