Toshkentning qoq markazida, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi yonidagi 1,3 gektar yashil maydonni avtoturargohga aylantirish qarori shahar hokimi Shavkat Umurzoqov tomonidan 14-sentabr kuni imzolandi. Bu qaror poytaxt aholisi va mutaxassislar o‘rtasida keskin munozaralarga sabab bo‘ldi.
Poytaxt Yo‘l harakatini tashkil etish markazi (YHTEM) ma’lum qilishicha, loyiha doirasida nafaqat avtoturargoh, balki piyodalar va velosiped yo‘laklari, yangi yashil maydonlar, bolalar va vorkaut maydonchalari hamda sanitariya tarmoqlari barpo etilishi va’da qilinmoqda. Yer maydoni auksionga chiqarilishi rejalashtirilgan bo‘lib, boshlang‘ich narxi 514 million so‘mni tashkil etadi. Hududdan 10 yil davomida foydalanish huquqini oladigan xususiy investor investitsiya majburiyatlarini bajarishi va hududni saqlash, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirishni ta’minlashi kerak bo‘ladi. Avtoturargoh to‘lovlaridan tushadigan mablag‘ning 20 foizini shahar budjetiga yo‘naltirish taklif qilinmoqda.
YHTEM vakillari loyihaning maqsadi shahar markazidagi avtomobillar sonini ko‘paytirish emas, balki mavjud transport oqimini tartibga solish va jamoat hududlarini tartibsiz avtoturargohlardan xoli qilish ekanligini ta’kidlashdi. Biroq jurnalist Qobil Xidirovning fikricha, “xiyobon tashkil qilish” rejasi shunchaki ko‘zni shamg‘alat qilishdan boshqa narsa emas, chunki bu yerlar allaqachon xiyobon hisoblanadi. Jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev esa yaqin atrofdagi barcha davlat idoralari, jumladan Milliy kutubxona ham yaqin yillarda Yangi Toshkentga ko‘chirilishi rejalashtirilgan bir paytda bu yerda avtoturargoh qurish mantiqsiz ekanligini qayd etdi.
Iqtisodchi Botir Qobilov loyihani “majoziy” deb atab, shahardagi eng qadrli yerni parkovkaga aylantirish isrofgarchilik ekanligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday parkovkalar shahar markaziga yanada ko‘proq mashinalar kirishiga taklifnoma bo‘lib xizmat qiladi. Ekspert Bobur Sirojev esa agar avtoturargoh o‘rinlari soni ko‘payayotgan bo‘lsa, bu shahar markaziga tushadigan yuklamani qanday kamaytirishi mumkinligiga savol berdi. Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, hozir bu hududda noqonuniy to‘xtab turgan mashinalar soni 100-150 atrofida bo‘lsa, yangi avtoturargoh 300-400 ta mashinani sig‘dira oladi, bu esa “jamoat joylarini mashinalardan bo‘shatish” tezisiga zid.
Seshanba oqshomiga kelib O‘zbekiston Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi bayonot e’lon qilib, shahar markazidagi mavjud yashil hududlarning kamayishi va aholining sayr qilishi uchun qulay jamoat joylari o‘rnida konstruktiv qurilishlar bo‘lishi mutlaqo maqsadga muvofiq emasligini ta’kidladi. Qo‘mita avtoturargohlarni tashkil etishda ko‘kalamzor maydonlarning qisqarishiga va piyodalar uchun yaratilgan sharoitlarning yomonlashishiga yo‘l qo‘yilmasligi kerakligini ma’lum qildi.
Source: www.gazeta.uz