O‘zgidromet ma’lumotlariga ko‘ra, dam olish kunlari O‘zbekiston hududining katta qismida havo biroz bulutli, vaqti-vaqti bilan o‘zgaruvchan bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Biroq respublikaning ayrim tog‘oldi va tog‘li hududlarida, shuningdek, juma kunduzi va 26-sentabrda kechasi Farg‘ona vodiysi viloyatlari bo‘yicha ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.
Juma kuni Toshkent viloyatining ayrim joylarida kunning ikkinchi yarmida biroz qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi ehtimoli bor. Havo haroratining asta-sekin pasayishi davom etadi. Bugun kunduzi harorat +26…+30 darajani tashkil etadi, janubiy hududlarda +31…+33 darajagacha ko‘tariladi. Shanba va yakshanba kunlari asta-sekin +22…+25 darajagacha, janubda +27…+30 darajagacha pasayadi. Kechalari havo harorati +9…+14 daraja bo‘ladi.
Shamol sharqdan 7−12 m/s tezlikda esadi, 26−27-sentabrda shimolda va cho‘l hududlarida ba’zi joylarda 13−18 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin. Bu esa aholi uchun noqulaylik tug‘dirishi va ekinzorlarga zarar yetkazishi ehtimoli bor.
Toshkent shahrida havo biroz bulutli, vaqti-vaqti bilan o‘zgaruvchan bo‘ladi. Juma kunining ikkinchi yarmida biroz qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin, shanba va yakshanba kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat asosan kechalari +11…+14 daraja, kunduzi 25-sentabrda +26…+28 daraja bo‘ladi, dam olish kunlari asta sekin +23…+25 darajagacha pasayadi. Shamol sharqdan 3−8 m/s tezlikda esadi.
Umuman olganda, dam olish kunlari ob-havo sharoiti sayohat va ochiq havoda dam olish uchun qulay bo‘lishi kutilmoqda, ammo tog‘li hududlarda qisqa muddatli yomg‘ir va momaqaldiroq ehtimoli borligini hisobga olish lozim.
Source: www.gazeta.uz