O‘zbekiston Markaziy banki 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan Moliyaviy texnologiyalar sohasini rivojlantirish milliy strategiyasini tasdiqladi. Hujjatga ko‘ra, 2030-yil yakuniga qadar mamlakat Markaziy Osiyoda moliyaviy texnologiyalar kompaniyalari uchun eng maqbul yurisdiksiyaga aylanishi, shu bilan birga raqamli moliyaning fuqarolar va biznes uchun xavfsiz, sodda va keng qamrovli bo‘lishi ta’minlanishi ko‘zda tutilgan.
Strategiya uch bosqichda amalga oshiriladi. 2026–2027-yillarda fintex bozorining bazaviy infratuzilmasini shakllantirish, 2028–2029-yillarda Open Banking tizimini ishga tushirish, raqamli identifikatsiya va to‘lov tizimlari integratsiyasini kengaytirish, 2030-yilga kelib esa O‘zbekistonni mintaqaviy fintex markazi sifatida mustahkamlash rejalashtirilgan. Bu borada Markaziy bank raisi Timur Ishmetovning so‘zlariga ko‘ra, open banking joriy etilganda fintex kompaniyalari an’anaviy bank bozoriga kirib, raqobat va innovatsiyalarni rag‘batlantirishi kutilmoqda.
Strategiyaning muhim yo‘nalishlaridan biri fintex kompaniyalarini g‘oya paydo bo‘lganidan biznesni kengaytirishgacha bo‘lgan jarayonda qo‘llab-quvvatlaydigan ekotizimni yaratishdir. Bu tizimga Innovatsion hab, “tartibga solish qumdoni” (moliyaviy texnologiyalar bozori ishtirokchilari yangi mahsulot va xizmatlarni nazorat qilinadigan sharoitlarda sinab ko‘rishi mumkin bo‘lgan maxsus huquqiy rejim), kadrlar tayyorlash tizimi, moliyalashtirish mexanizmlari hamda banklarning fintex kompaniyalar bilan hamkorlik qilish vositalari kiradi. Startaplar inkubatsiya, tartibga solinadigan muhitda sinovdan o‘tkazish, litsenziyalash va keyinchalik faoliyatini kengaytirish bosqichlaridan o‘tishi mumkin. Har yili 20–30 ta fintex startapini xorijiy bozorlarga chiqishga tayyorlash va 2030-yilga qadar sohaga 1 mlrd dollargacha investitsiya jalb qilish uchun sharoit yaratish rejalashtirilgan.
Raqamli moliya infratuzilmasini yaratishga alohida e’tibor qaratilgan. Open Banking va ochiq API’larni rivojlantirish rejalashtirilgan bo‘lib, ular moliyaviy tashkilotlar va bozorning boshqa ishtirokchilariga mijozlar roziligi asosida ma’lumotlarni xavfsiz almashish imkonini beradi. Bu yangi biznes modellarining paydo bo‘lishi, raqobatning kuchayishi va moliyaviy xizmatlarning rivojlanishiga xizmat qilishi kutilmoqda. Shuningdek, mijozlarning shaxsini masofadan aniqlash, firibgarlikning oldini olish va moliyaviy xizmatlardan foydalanishni osonlashtirish uchun raqamli identifikatsiya tizimini takomillashtirish ko‘zda tutilgan. 2026–2027-yillarda raqamli ID’dan foydalanish bo‘yicha pilot loyihalarni boshlash, 2028–2029-yillarda esa ushbu infratuzilmani butun moliya sektoriga tatbiq etish rejalashtirilgan.
Strategiya qimmatli qog‘ozlar kabi real aktivlarni tokenlashtirish hamda turli moliyaviy xizmatlarning o‘zaro ishlashini yaxshilash imkoniyatlarini nazorat qilinadigan muhitda sinovdan o‘tkazishni nazarda tutadi. Markaziy bank moliya sohasida sun’iy intellektdan foydalanishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash va tegishli pilot loyihalarni ishga tushirishni ham rejalashtirmoqda. Sun’iy intellekt nazorat faoliyatida, xususan, moliyaviy jinoyatlarni aniqlashda ham qo‘llanishi ko‘zda tutilgan. Strategiya SupTech (“nazorat texnologiyalari”), API orqali ma’lumotlarni avtomatik yig‘ish, operatsion hodisalarni monitoring qilish va moliyaviy tashkilotlarning kiberxavfsizligi ustidan nazoratni kuchaytirishni nazarda tutadi.
Mintaqaviy moliyaviy integratsiyaga oid takliflar qatorida Markaziy bankning ulgurji raqamli valyutasi – wholesale CBDC (wCBDC) ham keltirilgan. U o‘zaro ishlovchi mintaqaviy to‘lov tizimlarini rivojlantirish, transchegaraviy tranzaksiyalarni soddalashtirish va pul o‘tkazmalari xarajatlarini kamaytirish bilan bir qatorda ko‘rib chiqilmoqda. Xalqaro pul o‘tkazmalarida komissiyalar va valyuta ayirboshlash kurslarining shaffofligini oshirish, savdoni moliyalashtirish uchun raqamli vositalarni rivojlantirish ham rejalashtirilgan. 2028–2029-yillarda mintaqaviy to‘lov tizimlarini integratsiya qilish bo‘yicha tashabbuslar va transchegaraviy pilot loyihalarni ishga tushirish ko‘zda tutilgan.
Strategiyaning yana bir yo‘nalishi xorijiy fintex kompaniyalari va investitsiyalarini jalb qilishdan iborat. Buning uchun Innovatsion hab, Enterprise Uzbekistan loyihasi, Toshkent xalqaro moliya markazidan foydalanish, shuningdek, Silk Road Finance & Technology Forum o‘tkazish va xorijiy fintex hablar bilan hamkorlikni rivojlantirish ko‘zda tutilgan. 2030-yilga qadar O‘zbekistonni moliyaviy texnologiyalar sohasida investitsiyalar va innovatsiyalar uchun mintaqaviy markazga aylantirish, xalqaro kompaniyalar ishtirokini kengaytirish va Markaziy Osiyoning moliyaviy integratsiyasini chuqurlashtirish maqsad qilingan.
Strategiya nafaqat yangi moliyaviy xizmatlarni rivojlantirish, balki mijozlar himoyasini kuchaytirishni ham ko‘zda tutadi. Butun moliya sektorida firibgarlikka qarshi muvofiqlashtirilgan tizim yaratish, kredit mahsulotlarining shaffofligini oshirish, kredit axboroti tizimini takomillashtirish va aholining moliyaviy savodxonligini kuchaytirish rejalashtirilgan. Tartibga solishni risklarga moslashgan tizimga o‘tkazish ko‘zda tutilmoqda: bozor ishtirokchilariga qo‘yiladigan talablar ularning faoliyati ko‘lami va risk darajasiga qarab farqlanadi. Shu bilan birga, iste’molchilar huquqlariga rioya etilishi va moliyaviy tashkilotlar xizmat shartlarini mijozlarga qanchalik tushunarli ochib berishi ustidan nazoratni kuchaytirish rejalashtirilgan.
Prezentatsiyada Markaziy bank strategiya hal qilishi kerak bo‘lgan bir qator muammolarni ko‘rsatgan. Ular orasida xalqaro pul o‘tkazmalarining qamrovi cheklangani, kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirish imkoniyatlari yetarli emasligi, aholining turli qatlamlari o‘rtasida moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatidagi tafovut, raqamli xizmatlar iste’molchilari uchun risklar ortib borayotgani va uzoq muddatli moliyalashtirishga ehtiyoj borligi qayd etilgan. Prezentatsiya ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining 94 foizi internetdan foydalanadi, raqamli to‘lovlardan foydalanish darajasi qariyb 72 foizni tashkil etadi, masofaviy bank xizmatlaridan foydalanuvchilar soni esa qariyb 70 foizga oshgan.
Markaziy bank strategiyadan kutilayotgan asosiy natijalar sifatida fintex kompaniyalari va xorijiy investitsiyalar ko‘payishi, kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirishning kengayishi, raqamli moliyaning qulayligi va xavfsizligining ortishi, transchegaraviy to‘lov infratuzilmasining rivojlanishi hamda mintaqaviy integratsiyaning kuchayishini ko‘rsatgan.
Source: www.gazeta.uz