Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Joriy yilning 20 oktyabr kuni Parijdagi YUNESKO bosh qarorgohida Tashkilot Ijroiya kengashining 225-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Mazkur nufuzli yig‘ilishda O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan «Globalizatsiya va iqlim o‘zgarishi sharoitida madaniy merosni saqlash chora-tadbirlari samaradorligini oshirish» nomli rezolyutsiya loyihasi bir ovozdan ma'qullangani ma'lum qilindi.

Ushbu tashabbus dastlab O‘zbekiston rahbariyati tomonidan 2025 yil 30 oktyabr sanasida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasining ochilish marosimida e'lon qilingan edi. Qabul qilingan hujjat moddiy va nomoddiy madaniy meros obyektlarini iqlim o‘zgarishlari, tabiiy ofatlar, shuningdek, shiddatli urbanizatsiya jarayonlari hamda ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar keltirib chiqarayotgan global tahdidlardan himoya qilishga qaratilgan.

Hujjatda YUNESKOga a'zo davlatlar, xalqaro tuzilmalar va ilmiy doiralar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, xavflarni oldindan baholash hamda boshqarish mexanizmlarini takomillashtirish masalalari o‘z aksini topgan. Shuningdek, madaniy merosni muhofaza qilishda ilg‘or tajribalar va amaliy uslubiyatlar bilan faol almashish muhimligi ta'kidlangan.

Qabul qilingan qarorning asosiy bandlaridan biri sifatida 2027 yilda Xiva shahrida YUNESKO bilan hamkorlikda «Globalizatsiya va iqlim o‘zgarishi sharoitida madaniy merosni saqlash masalalari» bo‘yicha xalqaro simpozium o‘tkazish bo‘yicha O‘zbekiston taklifi rasman tasdiqlandi. Bo‘lajak tadbir dunyoning turli mintaqalaridan yetakchi xalqaro ekspertlarni jamlashi kutilmoqda.

Mazkur tashabbus jahon miqyosida keng qo‘llab-quvvatlanib, dunyoning turli burchaklaridan 54 ta a'zo davlat loyihaning hammuallifiga aylandi. Muhokamalar davomida delegatsiyalar mazkur tashabbusning o‘ta dolzarb ekanini va YUNESKO ustuvor vazifalariga to‘la mos kelishini alohida e'tirof etdilar.

Source: uznews.uz