Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashi poytaxt jamoat transportida yo‘l haqining yangi tariflarini tasdiqladi. Ushbu qaror joriy yilning 1-oktabr kunidan boshlab kuchga kiradi. Bu haqda shahar hokimiyati matbuot xizmati xabar berdi.

Hujjatga ko‘ra, avtobus va metroda bir martalik elektron to‘lov amalga oshirilganda bitta qatnov narxi 2500 so‘mni tashkil etadi. Naqd pul orqali to‘langanda esa tarif avvalgidek — 3000 so‘m bo‘lib qoladi. Bir yo‘lovchining bagajini tashish uchun 4000 so‘m to‘lash talab qilinadi.

Shuningdek, transport kartalari uchun yangi tarif rejalari ham tasdiqlandi. Faqat avtobuslarda qatnovlar uchun: 1 kun — 11 500 so‘m; 5 kun — 42 500 so‘m; 7 kun — 54 000 so‘m; 10 kun — 84 500 so‘m; 15 kun — 127 000 so‘m; 20 kun — 169 500 so‘m; 30 kun — 250 000 so‘m; 1 oy — 250 000 so‘m; 3 oy — 682 500 so‘m; 6 oy — 1 170 000 so‘m; 1 yil — 1 950 000 so‘m.

Avtobus va metroda qatnovlar uchun esa quyidagi tariflar belgilandi: 1 kun — 13 500 so‘m; 5 kun — 57 500 so‘m; 7 kun — 73 000 so‘m; 10 kun — 115 500 so‘m; 15 kun — 173 000 so‘m; 20 kun — 231 000 so‘m; 30 kun — 345 000 so‘m; 1 oy — 345 000 so‘m; 3 oy — 945 000 so‘m; 6 oy — 1 620 000 so‘m; 1 yil — 2 700 000 so‘m.

Bundan tashqari, belgilangan miqdordagi qatnovlar uchun paketlar ham nazarda tutilgan: 10 qatnov — 19 000 so‘m, 20 qatnov — 38 500 so‘m, 30 qatnov — 57 500 so‘m. O‘quvchilar, talabalar, nafaqaxo‘rlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ayrim tarif rejalarini sotib olishda 50% chegirma qo‘llaniladi.

Transport kartalaridan foydalanganda bir soat ichida qayta o‘tirish (peresadka) tariflari ham alohida tasdiqlandi. Faqat avtobuslarda qatnovlarda birinchi qatnov 2500 so‘m, ikkinchisi — 1500 so‘m, uchinchi va keyingilari — bepul bo‘ladi. Agar marshrut metro bilan bog‘liq bo‘lsa, metro birinchi transport turi bo‘lmagan taqdirda, qayta o‘tirish doirasidagi metro qatnovi 1500 so‘mni tashkil etadi. Agar qatnov metro bilan boshlansa, uning uchun 2500 so‘m to‘lanadi, so‘ngra dastlabki ikki avtobus qatnovi 1500 so‘mdan, uchinchi va keyingilari bepul bo‘ladi. Bir soatlik tarif doirasida metrodan faqat bir marta foydalanish mumkin. Metrodan qayta foydalanilganda yangi 60 daqiqalik davr qaytadan boshlanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq tariflarni oshirish to‘g‘risidagi qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan edi. Xalq-demokratik partiyasi tashabbusni sharhlar ekan, aholi daromadlarini hisobga olish va kam ta’minlangan hamda ko‘p bolali oilalar byudjetlariga yukni hisobga olish zarurligini ta’kidlagan edi.

Source: uznews.uz