ICT Week Uzbekistan doirasida bo'lib o'tgan Digital Education forumida xalqaro tashkilotlar va texnologiya kompaniyalari vakillari sun'iy intellektning ta'lim va mehnat bozoriga ta'sirini keng muhokama qildilar. Tadbirda SI sohasining jadal kengayishi sharoitida uning mamlakatlar va iqtisodiyotlar uchun qanday tahdid va imkoniyatlar yaratishi asosiy mavzuga aylandi.
Jahon bankining raqamli rivojlanish bo'yicha katta mutaxassisi Sesiliya Paradi-Gilfordning ta'kidlashicha, bugungi kunda asosiy masala sun'iy intellekt ish o'rinlarini yo'q qiladimi yoki yaratadimi, degan savol emas. "Qaysi vazifalar o'zgaradi, kim foyda ko'radi va kim ortda qolish xavfi ostida — asosiy masala mana shu", dedi u. Uning fikricha, har qanday ish bir qator vazifalar yig'indisidan iborat bo'lib, SI ularning bir qismini o'z zimmasiga olishi, boshqalarida odamlarga yordam berishi va yangi vazifalar yaratishi mumkin. "Ish o'rni SI ta'siriga uchrashining o'zi uning yo'qolishini anglatmaydi", deya qo'shimcha qildi Paradi-Gilford.
Jahon bankining SIga bag'ishlangan 2026-yilgi Jahon taraqqiyoti hisobotiga ko'ra, O'zbekistonga o'xshash iqtisodiyotlarda ish o'rinlarining taxminan 4,5 foizi avtomatlashtirish xavfi ostida. Ayni paytda SI tufayli unumdorligi oshishi mumkin bo'lgan ish o'rinlari bundan qariyb to'rt baravar ko'p. "Bundan kelib chiqadiki, O'zbekiston uchun xavf ish o'rinlarining yo'qotilishi emas, balki imkoniyatning boy berilishi: boshqalar — raqobatchilar bu marraga tezroq yetib boradi, vositalar esa odamlar ulardan foydalanishni o'rganib ulgurmasidan rivojlanadi", deya tushuntiradi Jahon banki vakili. Hisobot mamlakatlarga uch bosqichli yo'l taklif qiladi: o'zlashtirish, moslashtirish va takomillashtirish.
Paradi-Gilford O'zbekistonning to'rtta kuchli tomonini sanadi: internetdan foydalanish darajasi yuqori, STEM bitiruvchilari bo'yicha yutuqlar bor, ko'nikmalarga katta sarmoya kiritilmoqda va SI bo'yicha ilmiy nashrlar soni so'nggi paytlarda keskin oshgan. Biroq u eng jiddiy muammoni ishga endi kirayotgan yoshlarda ko'radi. "AQSh ma'lumotlariga tayanadigan bo'lsak, mehnat bozoriga kirib kelayotgan yoshlar uchun ish o'rinlarining keng miqyosda yo'q qilinishi kuzatilmadi, biroq SI ta'siriga ko'proq uchraydigan kasblarga kirib kelayotgan yosh ishchilar uchun ishga qabul qilish darajasi pasayishi tufayli ma'lum bir kechikishlar yuzaga keldi", dedi u. Uning so'zlariga ko'ra, SI bugun yosh, tajribasiz mutaxassis bajaradigan oddiy ishlarni o'z zimmasiga olmoqda, aynan shu ishlar tajriba maktabi edi. Yechim stajirovka va shogirdlik tizimini qayta qurishda ko'riladi.
Coursera Markaziy Osiyo bo'yicha katta direktori Larisa Uitkroftning fikricha, SI bir vaqtning o'zida ham tahdid, ham imkoniyat. Asosiysi esa uning tahdid yoki imkoniyat ekanini texnologiyaning o'zi emas, insonlar hal qiladi. Uning ta'kidlashicha, 2022-yildan beri boshlang'ich darajadagi mutaxassislarga talab 28 foizga kamaygan, chunki ilgari yosh xodimga topshiriladigan oddiy va takrorlanuvchi vazifalarni endi tez va arzon SI bajarmoqda. Bundan tashqari, bugungi kunda kasbiy ko'nikmalar bor-yo'g'i 18-24 oy ichida eskirmoqda. Shu bilan birga, Uitkroft SI ulkan qiymat yaratayotganini ta'kidladi: IDC hisob-kitoblariga ko'ra, SI yaratgan qiymat 2031-yilgacha 22,5 trln dollarga yetadi. Ammo u e'tiborni ushbu qiymatning taqsimotiga qaratdi: "Ushbu qiymatning 74 foizi tashkilotlarning atigi 20 foizi hissasiga to'g'ri keladi. Demak, bu yerda asosiy masala va tahdid SIning kirib kelayotganida emas, balki uning notekis kirib kelayotganida. Butun boshli mamlakatlar orqada qolib ketishi ehtimoli bor", dedi u.
Uitkroftning qayd etishicha, buning javobi texnologiyada emas, balki odamlarda. BCG tadqiqotlari shuni ko'rsatdiki, SIdan foydaning 70 foizi odamlar va jarayonlar hisobiga keladi, faqatgina 20 foizi texnologiyadan, 10 foizi esa algoritmlardan olinadi. Lekin kompaniyalarning SIga tayyorgarlik darajasiga qaralsa, texnologiya va infratuzilmaning tayyorlik darajasi 43 foizni tashkil etadi, xodimlar uchun esa bu ko'rsatkich 20 foiz. "Demak, biz infratuzilmaga ikki barobar ko'p sarmoya kiritib, odamlarni biroz e'tibordan chetda qoldiryapmiz. Aslida esa SI amalda samara berishi uchun odamlar bu infratuzilmadan foydalanishlari kerak", dedi u. U uchta tavsiya bilan bo'lishdi: ta'lim tizimi nafaqat vositani, balki butun siklni o'rgatishi; ish beruvchilar xodimlarni o'qitishga sarmoya kiritishi; hukumat va asoschilar SIning amaliy qatlamiga sarmoya kiritishi kerak.
AWS mintaqaviy menejeri Inna Ojogina sun'iy intellektdan to'g'ri foydalanish hamda uning tahdiddan ko'ra ko'proq imkoniyat yaratishi uchun to'rtta zaruriy shartni sanab o'tdi: SI xavfsiz, ishonchli, hammabop bo'lishi va odamlar undan foydalanish bo'yicha zarur bilimlarga ega bo'lishi kerak. Forum yakunida ishtirokchilar SI savodxonligi hamma uchun zarur ekanini, shogirdlik va amaliyot dasturlari amaliyot orqali o'rganishni rag'batlantirishi lozimligini ta'kidladilar. Jahon banki vakilining so'zlariga ko'ra, "SI odamlarni keraksiz qilib qo'yishidan xavotirlanmayman, biz moslashishga ulgurmasligimizdan xavotirdaman".
Source: www.gazeta.uz