Surxondaryo viloyati yo‘l-patrul xizmati xodimlari Termiz shahrida “Damas” rusumli avtomashinani to‘xtatib, salonda 21 nafar bola tashilayotganini aniqladi. Bu haqda viloyat YHXB xabar berdi. Haydovchining so‘zlariga ko‘ra, bolalar 16-sonli bog‘chaga olib borilayotgan bo‘lgan va u bolalarni tashish bo‘yicha bog‘cha bilan shartnoma tuzilganini aytgan. YPX xodimlari bir nechta yo‘lovchi avtomobillarini to‘xtatib, bolalarni belgilangan tartibda bog‘chaga yetkazishgan.
Holat yuzasidan haydovchiga nisbatan qonuniy chora ko‘rilgan. Muassasa mudirasiga esa bolalarni bunday tartibda tashishning xavfli oqibatlari tushuntirilgan. Haydovchi ota-onalar bolalarni bunday tartibda tashishdan xabardor va bunga rozi bo‘lganini aytgan. Unga yo‘llarda bunday qoidabuzarliklar yo‘l-transport hodisalariga olib kelishi mumkinligi tushuntirilgan. To‘plangan hujjatlar ma’lumot uchun viloyat Maktab va maktabgacha ta’lim boshqarmasiga yuborilgan.
Bolalar bog‘chalari tarbiyalanuvchilarini xavfsizlik qoidalarini buzgan holda 4−7 o‘rinli avtomobillarda tashish O‘zbekistonda ancha keng tarqalgan. Avvalroq sentabr oyida Sirdaryo viloyati Guliston tumanida “Damas”da 16 nafar bog‘cha tarbiyalanuvchisi, avgust oyida Farg‘ona viloyati Toshloq tumanida esa 28 nafar bola tashilayotgani aniqlangandi. Amalda bunday holatlar bo‘yicha haydovchiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128−8-moddasi asosida bayonnoma rasmiylashtiriladi. Mazkur modda transport vositasida odam tashish qoidalarini buzganlik uchun 2 BHM miqdorida jarima belgilaydi.
Bolalarni tashishdagi bunday qoidabuzarliklar ayrim hollarda og‘ir oqibatlarga olib kelgan. Xususan, may oyida Nurota tumanida 14 nafar bog‘cha bolasi bo‘lgan Matiz halokatga uchragani xabar qilingandi. Rulda haydovchilik guvohnomasi olmagan oilaviy bog‘cha rahbari bo‘lgan. Hodisa oqibatida ayol vafot etgan, bolalar turli tan jarohatlari bilan shifoxonaga yetkazilgan. Bundan tashqari, Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanida 21 nafar bog‘cha bolasini Tracker’da olib ketayotgan haydovchi YTH sodir etgandi. Oqibatda 6 yoshli qiz halok bo‘lib, yana 7 nafar bola jarohat oldi. Sud haydovchiga nisbatan 3 yil muddatga ozodlikni cheklash va 2 yilga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilish jazosini tayinlagan.
Ushbu holatlar bolalar xavfsizligi masalasida jiddiy tashvish uyg‘otmoqda. Bog‘chalar va ota-onalar o‘rtasidagi kelishuvlar qonuniy bo‘lsa-da, amaldagi tashish tartiblari ko‘pincha xavfsizlik talablariga javob bermaydi. YPX tomonidan olib borilayotgan nazorat ishlari bunday qoidabuzarliklarni aniqlashga qaratilgan bo‘lsa-da, muammo tizimli tus olmoqda. Mutasaddi idoralar tomonidan bolalarni tashish xizmatlarini tartibga solish va nazoratni kuchaytirish bo‘yicha choralar ko‘rish zarur.
Source: www.gazeta.uz