Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston hukumati mamlakatda ekstrimal va ilmiy turizmning o‘ziga xos yo‘nalishi bo‘lgan speleoturizmni rivojlantirish bo‘yicha keng qamrovli chora-tadbirlarni boshlamoqda. Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan yer osti turizmini yo‘lga qo‘yish uchun yuqori salohiyatga ega bo‘lgan 10 ta tabiiy obyekt ro‘yxati rasman tasdiqlandi.

Ushbu ro‘yxatga Jizzax, Samarqand, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida joylashgan to‘qqizta mashhur g‘or hamda bitta tuz koni kiritilgan. Xususan, Peshag‘or, Yaxdon, Omonqo‘ton, Kiyev, Hazrati Dovud, Qorong‘i yulduz, dunyodagi eng chuqur g‘orlardan biri sanalgan Boybuloq, Teshiktosh va Amir Temur g‘orlari, shuningdek, Xo‘jaikon tuz shaxtasi ushbu yo‘nalishdagi asosiy lokatsiyalar sifatida tanlab olindi.

Dasturga ko‘ra, mazkur obyektlarning barchasi to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, yagona elektron reyestr shakllantiriladi. Mutaxassislar g‘orlarning geografik joylashuvi, sayyohlik salohiyati, texnik holati va huquqiy maqomini chuqur o‘rganib chiqadi. Har bir obyekt uchun 3D-modellar, sifatli foto va videomateriallar tayyorlanib, maxsus QR-kodli elektron pasportlar Milliy turistik platformaga integratsiya qilinadi.

Shuningdek, xavfsizlik choralariga alohida e’tibor qaratilishi belgilangan. Sayyohlar uchun qulay navigatsiya belgilari o‘rnatiladi, yo‘nalishlar ishlab chiqiladi hamda qutqaruv xizmatlari bilan uzluksiz hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi. Loyihalarga xususiy sektor va xorijiy investorlarni jalb etish, xalqaro speleologik ekspeditsiyalarni tashkil qilish rejalashtirilmoqda.

Source: uznews.uz