Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Oʻzbekiston rahbariyati poytaxt yaqinida keng koʻlamli Yangi Toshkent shahrini barpo etish borasidagi saʼy-harakatlarni davom ettirmoqda. Xususan, mamlakat prezidenti Xitoy, Turkiya, BAA va boshqa xorijiy hamkorlar ishtirokida umumiy qiymati 2,5 milliard dollarlik oʻnta yirik obyekt qurilishiga start berdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar tarqatdi.

Maʼlum qilinishicha, yangi shahar loyihasining dastlabki bosqichidayoq 50 milliard dollarlik ishlarni amalga oshirish koʻzda tutilgan. Rejaga koʻra, hududda 2 ming gektar yashil maydon va 500 gektar istirohat bogʻlari tashkil etilib, «yashil qurilish standartlari» asosida 150 million kvadrat metr turar va noturar joylar barpo qilinishi kutilmoqda. Hozirgacha bu yoʻnalishda 2 milliard dollarlik ishlar bajarilib, bir qator muhim infratuzilma obyektlari foydalanishga topshirildi.

Xususan, bugungi kunda umumiy qiymati 1 milliard dollarni tashkil etuvchi yettita obyekt, jumladan, «Sharq bahori» turar joy majmuasining ilk bosqichi, yangi yoʻllar, elektr nimstansiyalari, trigeneratsiya stansiyasi va maktab ishga tushirildi. Xorijiy kompaniyalar, jumladan Turkiyaning «MIMSAN» va Xitoyning «Haocheng Industry Group Limited» korxonalari koʻmagida zamonaviy muhandislik tarmoqlari tortildi.

Shuningdek, tadbir doirasida xorijiy sarmoyadorlar bilan hamkorlikda yana oʻnta yangi loyihaga tamal toshi qoʻyildi. Ularning orasida yarim oʻtkazgichlar va yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarishga moʻljallangan «Deep Tech park» sanoat hududi ham mavjud boʻlib, uning ilk bosqichiga 320 million dollar yoʻnaltirilishi rejalashtirilgan.

Source: kun.uz