Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanida bolalarni tashish qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan Damas rusumli avtomobil haydovchisiga nisbatan ma’muriy chora ko‘rildi. Bu haqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar tarqatdi, unda voyaga yetmaganlarning xavfsizligi yana bir bor xavf ostida qolgani qayd etilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 8-oktabr kuni Toshkent mahallasida huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan reyd davomida ushbu qoidabuzarlik fosh etilgan. Kichik hajmga ega bo‘lgan transport vositasida belgilangan me’yordan ortiq — naqd 13 nafar bog‘cha tarbiyalanuvchisi tashilayotgani aniqlangan va avtomobil to‘xtatilgan.

Mazkur holat yuzasidan haydovchiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha bayonnoma tuzilib, bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida jarima belgilandi. Shuningdek, qoidabuzar haydovchi bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazilib, u o‘z qilmishidan afsusdaligini bildirgan va boshqalarni ham ogohlikka chaqirgan.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mamlakatda kichik sig‘imli avtomobillarda, xususan Damas, Matiz va hatto zamonaviy krossoverlarda bolalarni me’yordan ortiq tashish holatlari hali ham dolzarb muammoligicha qolmoqda. Xususan, joriy yilning sentabr oyida Guliston tumanida 16 nafar, Termiz shahrida esa 21 nafar bola shunday sharoitda tashilayotgani aniqlangandi.

Afsuski, bu kabi qoidabuzarliklar ko‘p hollarda fojiali yakun topmoqda. May oyida Nurota tumanida sodir bo‘lgan YTHda 14 nafar bolani olib ketayotgan Matiz halokatga uchrab, haydovchi vafot etgan, bolalar esa turli tan jarohatlari olgandi. Shuningdek, Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanida Tracker’da 21 nafar bolani tashigan haydovchi sababli yuz bergan fojiada 6 yoshli qizaloq halok bo‘lib, 7 nafar bola jarohatlangan edi, sud esa haydovchiga nisbatan tegishli jazo tayinlagan edi.

Source: www.gazeta.uz