Toshkent shahrida o'tkazilayotgan suzish bo'yicha Jahon kubogi bosqichi kutilmagan va qiziqarli voqeaga boy bo'ldi. Mashhur italiyalik suzuvchi, jahon chempioni va Yevropaning ko'p karrali sovrindori Alberto Ratsetti musobaqa startiga O'zbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodovning 14-raqamli futbolkasida chiqib keldi. Sportchining bu qadami tribunadagi mahalliy muxlislarning qizg'in olqishlariga sabab bo'ldi va musobaqa muhitiga o'zgacha shukuh bag'ishladi.
Ma'lumki, Eldor Shomurodov Italiya chempionatida besh yilga yaqin to'p surib, «Jenoa», «Roma», «Spetsiya» va «Kalyari» kabi jamoalar sharafini himoya qilgan va u yerda o'zini yaxshi tanitishga ulgurgan edi. Hozirda 31 yoshli hujumchi Turkiyaning «Istanbul Bashakshexir» klubida o'ynamoqda hamda O'zbekiston terma jamoasi tarixidagi eng yaxshi to'purar maqomini saqlab kelmoqda. Shuningdek, uning 2026-yilgi jahon chempionatida kiritgan tarixiy goli FIFA tomonidan turnirning eng chiroyli ikkinchi goli deb e'tirof etilgan edi.
Biroq, sportchilarning shaxsiy ehtiromidan qat'i nazar, suv havzasidagi kurash juda keskin kechdi. Alberto Ratsetti 200 metrga kompleks usulda suzish bahslarida 1 daqiqa 52,53 soniya natija ko'rsatib, shohsupaga ko'tarila olmadi va to'rtinchi o'rinni egalladi. Musobaqa g'olibligini AQSh vakili Sheyn Kasas 1:51,81 natija bilan qo'lga kiritdi, uning vatandoshi Karson Foster ikkinchi, kanadalik Finli Noks esa uchinchi o'rinni band etdi.
Shunday bo'lsada, italiyalik sportchining Shomurodov libosida suzish sektoriga chiqqani Toshkentdagi musobaqaning eng yorqin va esda qolarli epizodlaridan biri sifatida muxlislar xotirasida saqlanib qoladigan bo'ldi.
Source: podrobno.uz