Oktyabr oyining boshlarida YouTube platformasida 520 milliondan ortiq obunachiga ega bo‘lgan amerikalik mashhur kontent yaratuvchi va xayriyachi Jimmi Donaldson, ya'ni MrBeast O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Mazkur safar Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, tashkilotchilarning fikricha, bu mamlakatda kreativ iqtisodiyot ulushini oshirish hamda xalqaro media texnologiyalarini jalb qilishga yordam berishi kerak edi. Biroq blogerning mamlakat bo‘ylab harakatlanishi va uning ortidan ergashgan ulkan olomon jamoat tartibida qator qiyinchiliklarni keltirib chiqardi.
Toshkentdagi Zamonaviy san’at markazida bo‘lib o‘tgan tadbirda MrBeast o‘zbekistonlik muxlislari orasida maxsus tanlov asosida sarlab olingan ishtirokchilar o‘rtasida pul mukofotli o‘yin o‘tkazdi. Tanlab olingan 200 nafar da'vogardan uch nafar finalchi g‘olib chiqib, ularning har biriga 100 million so‘mdan mukofot puli topshirildi. Shuningdek, tadbir davomida uning jamoasi tomonidan Samarqand va Xorazm viloyatlarida ham tasvirga olish ishlari olib borildi, bu kadrlar kelgusidagi videolardan birida foydalanish uchun mo‘ljallangan.
Shunga qaramay, blogerning Samarqanddagi Registon maydoniga tashrifi chog‘ida tartibsizliklar yuzaga keldi. Minglab yosh muxlislar ijodkorni qurshab olib, harakatlanishni qiyinlashtirib qo‘ygan va ommaviy tiqilinch yuzaga kelgan. MrBeast o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida bu holat uning xavfsizlik xodimlarini sarosimaga solganini va ortiqcha stress keltirib chiqarganini tan olgan. Shundan so‘ng u va uning rafiqasi tezyurar poyezdda Toshkentga qaytib, o‘z safarini muddatidan oldin yakunlashga majbur bo‘lgan.
Mazkur tashrifning moliyaviy tomonlari ham jamoatchilikda savollar tug‘dirdi, chunki Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi safar qaysi mablag‘lar evaziga moliyalashtirilganiga aniqlik kiritmadi. Ma'lumotlarga ko‘ra, bunday darajadagi yirik kontent yaratuvchining reklamalari va loyihalari millionlab dollarlik xarajatlarni talab qiladi. Tashrif yakunlangach, MrBeast AQShga qaytib ketgan bo‘lsa-da, uning jamoasi mamlakatning boshqa hududlarida tasvirga olish ishlarini davom ettirgan.
Source: www.gazeta.uz