O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoniga muvofiq, mamlakat Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida yangi sekretariat o‘z ishini boshlashi kutilmoqda. Ushbu tuzilma ta'lim, fan va sog‘liqni saqlash sohalaridagi ishlarni muvofiqlashtirish hamda boshqaruv samaradorligini oshirish maqsadida tuzilayotgani aytilmoqda.
Ma'lum qilinishicha, yangi tashkil etilayotgan sekretariat shtat birligi 12 kishidan iborat bo‘ladi. Ularning 5 nafari Vazirlar Mahkamasining ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘limidan o‘tkazilsa, qolgan 7 nafari Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi hamda Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligini optimallashtirish natijasida shakllantiriladi.
Hujjatga ko‘ra, bosh vazirning birinchi o‘rinbosari — ta'lim va fan vaziri zimmasiga qator respublika hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarini muvofiqlashtirish vazifasi yuklatiladi. Xususan, Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda ta'lim muassasalarida giyohvandlik va psixotrop moddalarning tarqalishiga qarshi kurashish, shuningdek, zo‘ravonlik holatlarining oldini olish masalalari nazoratga olinishi belgilangan.
Shuningdek, Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda o‘quvchi va talabalarni zamonaviy kasb-hunarlarga o‘qitish hamda ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlari amalga oshiriladi. Hukumatga ikki hafta muddat ichida tegishli qaror qabul qilib, yangi sekretariat Nizomini tasdiqlash vazifasi topshirildi.
Source: uznews.uz