Toshkentdan Seul shahriga yo‘l olgan havo kemasi bortida favqulodda holat yuz berdi. Ma’lum qilinishicha, “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining HY511 reysi bilan uchayotgan ayol yo‘lovchining ahvoli birdaniga keskin yomonlashgan va u hushini yo‘qotgan. Hodisa joriy yilning 11 oktyabr kuni 10 ming metr balandlikda sodir bo‘lgani xabar qilinmoqda.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, samolyot ekipaji zudlik bilan mikrofon orqali yo‘lovchilar orasidan shifokor qidirgan. Shu paytda parvoz qilayotganlar orasida bo‘lgan samarqandlik shifokor, otorinolaringolog, Toshkent davlat tibbiyot universiteti tadqiqotchisi Hasan Komilov yordamga oshiqdi. Hozirda Janubiy Koreyaning Chungbuk universitetida malaka oshirayotgan mutaxassis jabrlanuvchining yoniga yetib borgan.
Ko‘rik chog‘ida shifokor ayolning qon bosimi va puls liniyasi aniqlanmay qolganini, terisi ko‘karib, sovib qolganini aniqlagan. Bu holat keskin shok holatidan dalolat bergan. Shifokor o‘zining shaxsiy dori-darmonlari hamda bort kuzatuvchilari taqdim etgan kislorod niqobi va tibbiy quti yordamida tezkor reanimatsiya choralarini boshlagan.
Janubiy Koreya fuqarosini qutqarish jarayonida ekipaj a’zolari va boshqa yo‘lovchilar ham faol yordam ko‘rsatishgan. Ular shifokorga choyshablar, suv va shirinliklar uzatib turishgan. O‘n-o‘n besh daqiqa davom etgan muolajalardan so‘ng bemorning ahvoli barqarorlashgan, bu esa reysni favqulodda qo‘nishsiz davom ettirish imkonini bergan.
Hasan Komilov keyingi bir soat davomida ham yo‘lovchining holatini kuzatib borgan. O‘z navbatida, “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi o‘zbekistonlik shifokorga o‘zining yuqori professional mahorati va tezkor harakatlari uchun minnatdorchilik bildirgan.
Source: podrobno.uz