O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan, 2027-yilda Namangan viloyatida qiziq tajriba o‘tkzilishi rejalashtirilmoqda. Unga ko‘ra, tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklariga yer solig‘ining 90 foizi qoplab berilishi kutilmoqda, bu esa qishloq xo‘jaligi faoliyatini rag‘batlantirishga qaratilgan navbatdagi tashabbus sifatida taqdim etilmoqda.
Ushbu to‘lovni qo‘lga kiritish uchun yer egalari ma'lum shartlarni bajarishlari talab etiladi. Xususan, har bir sotix yerdan olinadigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va ularni sotishdan olinadigan daromad yiliga 25 bazaviy hisoblash miqdoridan (BHM) oshishi shart. Shuningdek, joriy yilgi yer solig‘i to‘liq to‘langan bo‘lishi va o‘tgan yillardan qarzdorlik mavjud bo‘lmasligi lozim.
Soliq qaytarilishini rasmiylashtirish jarayoni raqamli platformalar orqali amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Fuqarolar “Onlayn mahalla” platformasida yer maydoni, yetishtirilayotgan mahsulot turlari va uning savdo hajmini ko‘rsatib o‘tishlari kerak bo‘ladi. Mahsulotlar qiymati UzexAgro platformasidagi narxlardan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Shu bilan birga, yer uchastkasidan hujjatlarsiz foydalanayotgan yoki rasmiy hujjatlarda ko‘rsatilganidan kattaroq maydonni egallab olgan shaxslar uchun to‘lov miqdori qisqartirilishi belgilangan. Soliq qo‘mitasi tomonidan barcha hisob-kitoblar avtomatik tarzda amalga oshirilib, mablag‘lar bank kartasiga o‘tkazib beriladi.
Ushbu eksperimental tartib 2027-yil davomida amal qiladi va uning amal qilish muddati 2028-yil boshigacha etib belgilangan. Avvalroq respublikada fermerlar va qishloq xo‘jaligi klasterlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan boshqa chora-tadbirlar ham e'lon qilingan edi.
Source: podrobno.uz