Qashqadaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi matbuot xizmatining xabar berishicha, joriy yilning 13-oktabr kuni soat 17:30 larda Dehqonobod tumanining tog'li hududlarida qisqa muddatli kuchli yomg'ir yog'ishi kuzatilgan. Natijada "Qo'ng'irot" mahallasining Shakarbuloq qishlog'i hududidan kuchli sel oqimi o'tgan.
Ma'lum qilinishicha, Damas rusumli avtomobil haydovchisi va uning yo'lovchisi yo'lni yo'qotib qo'yib, keyingi harakat yo'nalishini aniqlash maqsadida sel kelishi mumkin bo'lgan hududda to'xtashga majbur bo'lishgan. Shundan so'ng avtomobil sel o'zanining chuqurroq qismiga surilib ketib, qolib ketgan.
Og'ir vaziyatda haydovchi mashinadan chiqib, telefon orqali yordam chaqirishga harakat qilgan va sherigiga yaqinlashib kelayotgan xavf haqida ogohlantirgan. Biroq, shiddatli sel oqimi Damas'ni ichidagi yo'lovchi bilan birga oqizib ketgan va qutqarib qolish imkoniyati bo'lmagan.
Voqea joyida olib borilgan tezkor qidiruv-qutqaruv ishlari natijasida halok bo'lgan yo'lovchining jasadi topilgan. Hozirgi vaqtda tuman hokimiyati, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda ichki ishlar organlarining mas'ul xodimlari hodisa joyida ish olib bormoqda va qo'shimcha ma'lumotlar taqdim etilishi kutilmoqda.
Source: uznews.uz