Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Joriy yilning o‘tgan to‘qqiz oyi davomida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi (“O‘zenergoinspeksiya”) tomonidan o‘tkazilgan reyd va monitoring tadbirlarida energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish hamda belgilangan qoidalarni buzish bilan bog‘liq 2 795 ta holat fosh etildi. Noqonuniy xatti-harakatlar tufayli 129,1 million kub metr tabiiy gaz va 226,4 million kVt/soat elektr energiyasi behuda sarflangan bo‘lib, davlat manfaatlariga umumiy hisobda 825,3 milliard so‘m miqdorida moddiy ziyon yetkazilgan.

Qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘ygan iste’molchilar va mas’ullarga nisbatan 4 196 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Shuningdek, neft mahsulotlari sifati ustidan o‘rnatilgan qat’iy nazorat doirasida yoqilg‘i quyish shoxobchalari hamda turli korxonalardan olingan namunalar tekshirilganda, 308 ta holatda jami 7 435 tonna yoqilg‘i sifatsiz ekani fosh qilindi va ularning iste’molchilarga sotilishiga to‘sqinlik qilindi. Bundan tashqari, inspeksiya mutaxassislari tomonidan 9 168 ta obyektning elektr ta’minoti loyihalari ekspertizadan o‘tkazilib, 5 674 ta iste’molchining elektr qurilmalari texnik ko‘rikdan o‘tkazildi.

Nazorat tadbirlari davomida nafaqat qoidabuzarliklar aniqlandi, balki asossiz hisoblangan to‘lovlar ham ko‘rib chiqildi. Xususan, 199 ta tadbirkorlik subyektiga asossiz yuklatilgan elektr energiyasi bo‘yicha 3,632 milliard so‘m hamda tabiiy gaz bo‘yicha 12,084 milliard so‘m mablag‘ qayta hisob-kitob qilinib, tadbirkorlarning qonuniy manfaatlari himoya qilindi. Shu bilan birga, Davlat energetika reyestriga muvofiq joriy yilda audit qilinishi lozim bo‘lgan korxonalardan 294 tasida tekshiruvlar boshlangan, 180 tasida jarayon yakunlangan. Majburiy auditdan bosh tortgan 16 ta korxona rahbariyati ma’muriy javobgarlikka tortildi.

“O‘zenergoinspeksiya” barcha toifadagi iste’molchilarni tarmoqlarga o‘zboshimchalik bilan ulanish, hisoblagichlarga noqonuniy aralashishdan tiyilishga chaqirmoqda. Eslatib o‘tamiz, mamlakat qonunchiligiga kiritilgan so‘nggi o‘zgartishlarga muvofiq, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga noqonuniy ulanish uchun jarimalar keskin oshirilgan bo‘lib, bunday qonunbuzarliklarni takroran sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.

Source: www.gazeta.uz