Toshkent shahrining Kichik halqa avtomobil yoʻlidagi 21 ta svetoforning ishlash tartibi oʻzaro muvofiqlashtirildi. Yoʻl harakatini tashkil etish markazi xodimlarining soʻzlariga koʻra, transport oqimi nisbatan kam boʻlgan vaqtda oʻtkazilgan oʻlchovlarda 10 kilometrlik masofani bosib oʻtish vaqti 26 daqiqadan 20 daqiqaga qisqargani aytilmoqda. Shunga qaramay, mazkur koʻrsatkichlar faqat ma'lum bir vaqt oraligʻidagi holatni aks ettirib, haydovchilar kundalik qatnovda duch keladigan real qiyinchiliklarni toʻliq bartaraf etgani shubhaliligicha qolmoqda.
Qayd etilishicha, ushbu oʻzgarishlar Kichik halqa yoʻlining Olmazor tumanidagi Beruniy koʻchasi bilan kesishmasidan, yani «Orzu» chorrahasidan boshlanib, Mirzo Ulugʻbek tumanidagi Katta Darxon koʻchasi kesishmasigacha, xususan «Palov muzeyi» yaqinigacha boʻlgan qismida amalga oshirilgan. Mas'ullarning iddao qilishicha, mutaxassislar transport oqimi va chorrahalarning xususiyatlarini oʻrganib chiqib, svetofor signallarining almashinish ketma-ketligi hamda davomiyligini qayta sozlashi kerak boʻlgan.
Amalga oshirilgan bu kabi ishlarning asosiy maqsadi avtomobillarning chorrahalarda ortiqcha toʻxtashini va kutish vaqtini kamaytirish, shuningdek, transport oqimining bir maromda harakatlanishiga sharoit yaratishdan iborat ekanligi aytiladi. Markaz keltirgan oʻlchov natijalariga koʻra, mazkur masofada bir martalik qatnov uchun sarflanadigan vaqt goʻyo 6 daqiqaga yoki qariyb 23 foizga qisqargan.
Shu bilan birga, dastlabki oʻlchov 25-sentabr kuni kunduzi oʻtkazilgan boʻlsa, svetoforlar qayta sozlanganidan keyingi oʻlchov 8-oktabr kuni amalga oshirilgan. Biroq, mutaxassislarning oʻzlari tan olganidek, bu natijalar faqat transport oqimi nisbatan kam boʻlgan soatlarga tegishli xolos. Tigʻiz soatlarda esa yoʻlni bosib oʻtish vaqti avtomobillar oqimi hamda poytaxt yoʻllaridagi mavjud murakkab vaziyat sababli sezilarli darajada farq qilishi va haydovchilar uchun yana qiyinchiliklar tugʻdirishi mumkin.
Source: kun.uz