Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva amaliy tashrif bilan Istanbul shahrida bo'lib turibdi. Safar doirasida u Najmiddin Bilol Erdoʻgʻan hamrohligida nufuzli Ibn Xaldun universiteti hamda «Yenidoʻgʻu» maktabining faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Mazkur tashrif ikki mamlakat o'rtasidagi ta'lim va fan yo'nalishidagi aloqalarni yanada mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Muloqot davomida tomonlar taʼlim muassasalari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni kengaytirish, ilg'or tajriba almashish hamda oʻquvchilar, talabalar va pedagoglar uchun yanada keng imkoniyatlar yaratish masalalarini muhokama qildilar. Erishilgan kelishuvlarga ko'ra, kelgusida qo'shma loyihalarni amalga oshirish ko'zda tutilgan.
Saida Mirziyoyeva mazkur taʼlim maskanlarining oʻqitish uslublari va yondashuvlari unda katta qiziqish uygʻotganini alohida ta'kidlab o'tdi. Uning qayd etishicha, bu yerda taʼlim sifatini oshirish, yoshlarning yashirin iqtidorini toʻlaqonli roʻyobga chiqarish hamda mustaqil fikrlash koʻnikmalarini shakllantirish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Shuningdek, u bunday ilgʻor xalqaro amaliyot kelgusida oʻzaro manfaatli hamkorlik uchun keng yoʻl ochishini bildirdi. Taʼlim sohasi Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstona munosabatlarning eng muhim va ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekanligi e'tirof etildi.
Source: kun.uz