Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Buxoro shahridagi ayrim amaliy holatlar hujjatsiz uy-joylarga boʻlgan mulk huquqlarini eʼtirof etish mexanizmlarida jiddiy boʻshliqlar mavjudligini koʻrsatib berdi. Xususan, yer uchastkasining qachon egallanganligini aniqlashdagi xatolar oqibatida yaxlit hovlining muayyan qismi asossiz ravishda tomorqa yeri sifatida rasmiylashtirilayotgani tashvish uygʻotmoqda. Huquqshunos Bobur Qoryogʻdiyev 6 sotixdan ortiq maydonlarni avtomatik tarzda tomorqa yeriga aylantirish amaliyotining salbiy oqibatlari haqida alohida toʻxtalib oʻtdi.

Oʻzbekistonda uzoq yillar davomida hujjatsiz qolgan koʻchmas mulklarga nisbatan huquqlarni eʼtirof etish boʻyicha ilk umumdavlat aksiyasi 2018-yilgi prezident farmoni bilan boshlangan boʻlsa, ikkinchi bosqich 2024-yilda qabul qilingan 937-sonli qonun asosida davom ettirilmoqda. Mazkur qonunning asosiy maqsadi yillar davomida amalda mavjud boʻlgan, biroq toʻliq huquqiy maqomga ega boʻlmagan obektlarni qonuniy maydonga kiritishdir. Shunga qaramay, amaldagi ayrim normalarning notoʻgʻri talqin qilinishi va qoʻllanilishi joylarda yangi qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda.

Mutaxassisning shaxsiy amaliyotidagi kuzatishlar bu muammo bitta xonadon yoki alohida kadastr hujjati bilan cheklanib qolmasligini koʻrsatmoqda. Asosiy ziddiyat qonunning 12-moddasini tatbiq etish, yer maydonining egallangan sanasini aniqlash hamda 6 sotixdan oshgan qismni dehqon yoki tomorqa xoʻjaligiga avtomatik ravishda biriktirib qoʻyish tartibi bilan bogʻliq boʻlmoqda. Qonunchilikka koʻra, agar yer 1999-yil 1-yanvardan 2018-yil 1-maygacha egallangan boʻlsa, viloyat markazlarida 6 sotix, boshqa hududlarda esa 12 sotixdan ortiq qismga nisbatan ijara huquqi faqat tomorqa maqsadida eʼtirof etilishi belgilangan.

Source: kun.uz