Toshkent shahrida ta’lim muassasalaridagi joy yetishmovchiligini bartaraf etish hamda infratuzilmani yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar belgilanmoqda. Xususan, 2030-yilgacha poytaxtda 126 mingta yangi maktab o‘quvchi o‘rni va 40 mingta bog‘cha o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan. Ushbu muhim vazifalar davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev tanishgan Toshkent shahrida mahallalarni obodonlashtirish taqdimotida atroflicha muhokama qilindi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2025−2026 o‘quv yilida poytaxt maktablarida o‘quvchi o‘rinlari tanqisligi 141 mingtani tashkil etgan. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, keyingi besh yilda o‘quvchilar soni yana 71 mingtaga, ya’ni 14 foizga ko‘payishi kutilmoqda. Natijada 2030−2031 o‘quv yiliga kelib, ta’lim maskanlaridagi o‘rinlar yetishmovchiligi 212 mingtaga yetishi ehtimoli bor.
Yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tanglikning oldini olish uchun 2030-yilgacha respublika budjeti hisobidan 48 mingta, mahalliy budjet hisobidan esa 78 mingta yangi o‘quvchi o‘rni tashkil etish rejalashtirilgan. Umumiy hisobda 126 mingta o‘rin yaratilishi evaziga maktablardagi yuklama koeffitsiyenti hozirgi 1,4 dan 2030-yilda 1,2 gacha kamayishi kutilmoqda. Shuningdek, 2026−2027 o‘quv yiliga mo‘ljallangan, umumiy maydoni 64,6 ming kvadrat metr bo‘lgan 38 ming o‘rinli 24 ta yangi maktab loyihalari hozirdan tayyor holatga keltirilgan.
Maktablarning yangi namunaviy loyihalarida o‘quvchilar va o‘qituvchilar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, loyihalarga 17 ta yangi imkoniyat, jumladan, qo‘shimcha o‘quv maydonlari, zamonaviy kutubxonalar, sport va madaniyat tadbirlari uchun zallar hamda o‘qituvchilar xonalari qo‘shilmoqda. Shuningdek, inklyuziv ta’lim talablaridan kelib chiqqan holda liftlar, panduslar va tibbiy xonalar ham nazarda tutilmoqda.
Shahar maktablarida maktabgacha ta’lim yo‘nalishida ham keskin o‘zgarishlar kutilmoqda. Ayni paytda 3–7 yoshli bolalar soni 253 mingtani tashkil etib, qamrov 79,2 foizga yetgan bo‘lsa-da, bog‘chalarda 65 ming o‘rin yetishmayapti. 2030-yilgacha respublika va mahalliy budjetlar mablag‘lari evaziga 40 mingta qo‘shimcha bog‘cha o‘rni yaratilib, qamrov darajasini 92 foizga yetkazish maqsad qilingan.
Source: www.gazeta.uz