Oʻzbekiston Respublikasi Raqobat qoʻmitasi tomonidan mamlakatimizda isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish borasida amalga oshirilgan keng qamrovli oʻrganishlar natijasida muhim ijtimoiy natijaga erishildi. Xususan, asosiy yashash manzilida vaqtincha istiqomat qilmagan yoki xorijda boʻlgan qariyb 800 ming nafarga yaqin fuqaroga asossiz ravishda hisoblangan 22 mlrd soʻmga yaqin kommunal qarzdorlik toʻliq qayta hisob-kitob qilindi.
Oʻtkazilgan tahlillar shuni koʻrsatdiki, ayrim abonentlar toʻgʻrisidagi bazaviy maʼlumotlar amaldagi real holatga umuman mos kelmagan, yangi abonentlar haqidagi zarur maʼlumotlar esa tegishli elektron tizimlarga oʻz vaqtida kiritilmagan. Xususan, chet elda vaqtincha yashayotgan, mehnat faoliyatini olib borayotgan, ish qidirayotgan yoki tahsil olayotgan fuqarolarning maʼlumotlarida jiddiy tafovutlar mavjudligi aniqlangan.
Xususan, tegishli davr mobaynida maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish xizmatidan foydalanmagan qariyb 800 ming nafar fuqaro hamda ichimlik suvi hisoblagichlari bilan taʼminlanmagan xonadonlarda yashamagan 100 nafarga yaqin shaxs nohaq qarzdorlikka botgani maʼlum boʻldi. Mutasaddi idoralarning saʼy-harakati bilan mazkur fuqarolarning huquqlari toʻliq tiklanib, ularning foydasiga qariyb 22 mlrd soʻmlik mablagʻlar asossiz qarzdorlik sifatida yopildi.
Qonunchilikka koʻra, abonentlar sonidagi oʻzgarishlar tasdiqlovchi hujjatlar asosida aniqlanganda, qarzdorlik oʻzgargan sanadan boshlab qayta hisoblanadi, aks holda oxirgi uch oy uchun amalga oshiriladi. Kelgusida bunday holatlarning oldini olish maqsadida Raqobat qoʻmitasi billing tizimlarini migratsiya bazalari bilan integratsiya qilish hamda chet elda bir oydan ortiq boʻlgan fuqarolar uchun avtomatik qayta hisob-kitob tizimini joriy etish tashabbusini ilgari surdi.
Source: kun.uz