Oʻzbekistonda 2026-2027 oʻquv yili uchun oliy taʼlim tashkilotlarida kontrakt toʻlovlarini amalga oshirish hamda talabalar safiga qabul qilishni rasmiylashtirish jarayonlari joriy yilning 1-noyabriga qadar uzaytirildi. Ushbu qaror talabalar va ularning ota-onalariga qoʻshimcha qulayliklar yaratish maqsadida qabul qilingani taʼkidlanmoqda.
Belgilangan tartibga koʻra, mazkur muddat tugagunga qadar bazaviy toʻlov-kontraktning yillik qiymatining kamida 25 foizi miqdorida, tabaqalashtirilgan kontrakt summasining esa kamida 50 foizi miqdorida mablagʻ oʻtkazilishi shart. Ushbu talab bakalavriat va magistratura bosqichlariga oʻqishga tavsiya etilgan barcha abituriyentlarga, shuningdek, oʻqishini koʻchirgan, koʻchirib tiklagan yoki qayta tiklagan talabalarga nisbatan tatbiq etiladi.
Shu bilan birga, rasmiy idoralar yangi oʻquv yilidan boshlab pedagog xodimlarning farzandlarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan muhim imtiyoz joriy etilganini eslatib oʻtdilar. Unga koʻra, davlat oliy taʼlim muassasalarining kunduzgi boʻlimida tahsil olayotgan pedagoglarning farzandlari uchun yillik kontrakt summasining 30 foizi qoplab berilishi belgilandi.
Mazkur moliyaviy yordam va imtiyozdan foydalanish uchun talabalar maxsus kontrakt.edu.uz elektron platformasi orqali oʻz arizalarini belgilangan tartibda yuborishlari talab etiladi. Ushbu tizim jarayonlarning shaffofligini taʼminlash va ortiqcha ovvoragarchiliklarning oldini olishga xizmat qiladi.
Source: kun.uz